Oʻzbekistonda necha nafar nogironligi boʻlgan shaxslar bor?

17:13 15 Aprel 2025 Jamiyat
165 0

2025-yil I choragi yakuniga koʻra, Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar soni 1 million 31 ming 609 nafarni yoki Oʻzbekiston umumiy aholisining 2,7 foizini tashkil etmoqda. Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, nogironligi boʻlgan shaxslarning 173 ming 285 nafari 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni, 94 ming 722 nafari – I guruh, 695 ming 372 nafari – II guruh hamda 67 ming 6 nafari – III guruh nogironlari hisoblanadi.

Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning 465 ming 645 nafari yoki 45 foizi ayollar, 565 ming 964 nafari yoki 55 foizini erkaklar tashkil qiladi.

Nogironligi boʻlganlarning yoshi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich 30 yoshdan pensiya yoshigacha boʻlganlarda kuzatilib, ularning soni 493 ming 879 nafarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan 17 ming 499 nafar shaxslarga birlamchi, 41 ming 487 nafar shaxslarga qayta nogironlik belgilangan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, birlamchi nogironlik holatlari asosan qon aylanish aʼzolari kasalliklarida kuzatilib, ularning soni 2 ming 808 nafarni, suyak-mushak kasalliklari tizimida 1 ming 900 nafarni, tugʻma nuqsonlarda 1 ming 724 nafarni, endokrin kasalliklarida 1 ming 580 nafarni hamda asab tizimi kasalliklarida 1 ming 349 nafarni tashkil qilgan.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning hududlar kesimidagi eng yuqori koʻrsatkichi Samarqand viloyatida kuzatilib, 110 ming 189 nafarni tashkil etgan. Qashqadaryoda 108 ming 041 nafar, Fargʻonada 94 ming 395 nafar, Andijonda 88 ming 470 nafar hamda Surxondaryoda 88 ming 470 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatga olingan.

Eng past koʻrsatkich esa Sirdaryo viloyatida kuzatilib, 38 ming 123 nafarni tashkil etgan. Jizzaxda 44 ming 496 nafar, Navoiyda 48 ming 172 nafar hamda Buxoroda 60 ming 446 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер