Oʻzbekistonda MAGATE bilan hamkorlik oʻrnatilganining 25 yilligi nishonlandi

10:01 23 Avgust 2019 Jamiyat
1688 0

Yaqinda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) oʻrtasida hamkorlik munosabatlari oʻrnatilganining 25 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar boʻlib oʻtdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida tashkil etilgan tadbirda Bosh direktor oʻrinbosari — MAGATE yadro energiyasi Departamenti rahbari Mixail Chudakov ishtirok etdi.

Ushbu tadbir natijasida mutaxassislar va MIFI talabalari Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik rahbariyati bilan muloqotda boʻlish va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega boʻldilar.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va MAGATE hamkorligi hozirgi vaqtda mamlakat atomdan tinch maqsadda foydalanuvchi davlatlar safiga qoʻshilgandan keyin yanada jadallik bilan rivojlanib bormoqda.

M.Chudakovning aytishicha, MAGATE Oʻzbekiston bilan oʻzining boy tajribasi xususida oʻrtoqlashishga hamda mamlakatning atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish borasida yadro infrastrukturasini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyordir.

Mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi boshlanishidayoq MAGATEning yadro energeyasi Departamenti mutaxassislari ikki marta Oʻzbekistonga tashrif buyurib, respublikaning manfaatdor vazirlik va idoralari xodimlari ishtirokida AES loyihasini amalga oshirishga doir seminarlar oʻtkazgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi 1994-yildan boshlab Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) aʼzosi hisoblanadi.

Oʻsha yili Oʻzbekiston Respublikasi va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik oʻrtasidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma bilan bogʻliq boʻlgan kafolatlarni qoʻllash toʻgʻrisida imzolandi.

1998-yilda esa Oʻzbekiston va MAGATE oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Yadroviy materialni jisman himoya qilish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga qoʻshilishi munosabati bilan qoʻshimcha protokol imzolandi.

MAGATE bilan hamkorlik texnik yordam doirasida loyihalarni faol amalga oshirishda namoyon boʻlmoqda, xususan, respublikadagi onkologik markazlarning radiatsion xavfsizligini oshirish, yuqori texnologiyali ilmiy tibbiy asbob-uskunalar sotib olish va radiatsiyaviy tibbiyot boʻyicha oʻqitish, Milliy universitetning yadro fizikasi laboratoriyalarida yangi usullar boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish yakunlandi. Oʻzbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutining yagona tadqiqot yadroviy reaktorini modernizatsiya qilish va uning xavfsizligini taʼminlash, sarflangan yuqori boyitilgan yadro yoqilgʻisini kelib chiqqan mamlakatga (Rossiya Federatsiyasiga) olib chiqish, “Foton” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ilmiy-tadqiqot yadroviy reaktorining barcha maydonchalarini boʻshatish va hokazolar.

Umuman olganda, MAGATE sohaga kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sezilarli tarzda yordam koʻrsatmoqda. Jumladan, “Oʻzatom” agentligi xodimlari va loyihaga aloqador mutasaddi vazirlik, idoralar xodimlari MAGATEning Venadagi qarorgohida, shuningdek AQSH, Rossiya, Ruminiya va Chexiyada malaka oshirish maqsadida tashkil etilgan oʻquv seminarlari, treninglarda ishtirok etdilar. Seminarlar va treninglar AES qurilishi uchun maydoncha tanlash, yadro qonunchiligi, obyektni jisman himoyalash, kadrlar tayyorlash va boshqa qator yoʻnalishlarga bagʻishlandi.

Oʻzbekiston yadro sohasida texnologiya va tajribalarni, ilgʻor gʻoyalarni joriy etishni MAGATE bilan texnik hamkorlikning muhim vositasi deb biladi. Agentlikning boshqa koʻplab aʼzo-davlatlari singari Oʻzbekiston uchun texnik hamkorlik bu yadro sohasi boʻyicha bilim va texnologiyalarni qator sohalarga joriy etishdan iboratdir.

Xalqaro atom energiyasi dasturining holati toʻgʻrisida dunyo hamjamiyatiga ochiqlikni taʼminlash maqsadida MAGATE 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasida yadroviy infratuzilmani (INIR) har tomonlama koʻrib chiqish boʻyicha missiya oʻtkazilishini tasdiqladi.

Shuningdek, ushbu missiyaga tayyorgarlik koʻrish va 2019-yil oktyabr oyida respublikaning oʻzini oʻzi baholashini oʻrganish uchun tegishli seminar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning yadroviy energiya dasturi rivojlanish holatini mustaqil baholash amalga oshirilmoqda va yaqin kelajakda ushbu oʻzini oʻzi baholash natijalari toʻgʻrisidagi hisobot rasmiy ravishda MAGATEga yuboriladi.

Bugungi kunda 2020-2021-yillarda Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida kadrlar salohiyatini oshirish va yadroviy infratuzilmani yaratish boʻyicha MAGATE bilan texnik hamkorlik dasturi ishlab chiqilgan.

Unda 2020-2021-yillarda oʻzbekistonlik mutaxassislarning xorijiy mamlakatlarda AES qurilishi loyihasi bilan bogʻliq oʻquv seminarlarda ishtirok etishini taʼminlash, MAGATE va Oʻzbekistondagi bir qator yetakchi mutaxassislar ishtirokida oʻquv seminarlari oʻtkazish, shuningdek MAGATE missiyasini oʻtkazish kabi tadbirlar qamrab olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер