O‘zbekistonda kinoturizmni rivojlantirishga jiddiy kirishildi

12:30 17 Aprel 2018 Madaniyat
2016 0

O‘zbek kinematografiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi va Yosh kinoijodkorlar kengashi qoshida O‘zbekistonda kinoturizmni rivojlantirish hamda xorijiy kinokompaniyalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni tasvirga olish ishlarida tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan maxsus o‘zbek kinokomissiyasi tashkil etildi.

Kinokomissiyaning asosiy vazifalari – xorijiy investorlarni O‘zbekistonga jalb etish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilish, xorijiy kinokompaniyalar yurtimiz hududida qulay sharoit yaratish, ularga tashkiliy va texnik xizmat ko‘rsatish, ularning mahalliy kinostudiyalar bilan hamkorlikda filmlar (koproduksiya) ishlab chiqarishini tashkillashtirish, O‘zbekistonda suratga olinayotgan xorijiy kartinalarga mahalliy mutaxassislarni jalb qilish, respublikaning diqqatga sazovor joylarida tasvirga olingan filmlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish orqali mamlakatning turistik jozibadorligini namoyon qilish va kinoturizm sohasini rivojlantirishdan iboratdir.

Hozirda uzbekistanfilmcommission.com sayti ishga tushirilgan bo‘lib, unda yurtimizning diqqatga sazovor joylari hamda komissiya tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumotdao joylashtirib borilmoqda.

Kinokomissiyaning faoliyati O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, infrastrukturani rivojlantirish, mamlakatga investitsiya jalb qilishga qaratilgan.

Mazkur kinokomissiya shu yilning may oyida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan 71-Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi “Uzbekistan” pavilonida taqdimot qilinadi. 

Shuningdek, O‘zbekiston kinokomissiyasining shtab kvartirasi Los-Anjeles shahrida joylashgan Xalqaro kinokomissiya asotsiatsiyasiga a’zo qilish masalasi ham ko‘rilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?