Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Boʻrixon vafot etdi

17:43 25 Iyul 2023 Jamiyat
466 0

Bugun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adib Luqmon Boʻrixon 58 yoshida vafot etdi.

Luqmon Boʻrixon (Boʻriyev Luqmon Karimovich) 1965-yilning 15-fevralida Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani Yangiobod qishlogʻida tugʻilgan. Shu yerdagi 23-oʻrta maktabni bitirgach, 1982-1985-yillar davomida harbiy xizmatni oʻtagan. 1986-yili Toshkent Davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirib, 1991-yili muvaffaqiyatli bitirgan. Shundan soʻng turli tahririyatlarda adabiy xodim, boʻlim mudiri vazifalarida mehnat faoliyatini yuritdi. 1998-2015-yillarda “Yoshlik” jurnalida muharrir oʻrinbosari, 2015-2020-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda yetakchi muharrir vazifalarida xizmat qildi. 2020-yildan beri Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Ijodiy kengashlar bilan ishlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

U oʻquvchilik yillaridanoq badiiy ijod bilan shugʻullangan. 1987-yili “Begimqul katta” nomli ilk hikoyasi “Yoshlik” jurnalida chop etilib, ustozlar nazariga tushgan. 1991-yili “Choʻlpon” nashriyoti tomonidan “Yalangoyoq” deb nomlangan ilk hikoyalar toʻplami nashr etiladi. 2005-yili “Jaziramadagi odamlar” nomli romani Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot tomonidan chop qilingan. Ushbu asar kitobxonlarda katta qiziqish uygʻotgani bois qayta-qayta nashr etib kelinmoqda. 2006-yili adib “Sirli muallim” nomli qissasini yozdi. Ushbu qissa oʻqituvchilar hayotidan olib bitilgan asar sifatida, Xalq taʼlimi vazirligi eʼlon qilgan tanlovda gʻolib boʻlgan. 2007-yili Luqmon Boʻrixonning “Xizr koʻrgan yigit” qissalar va hikoyalar toʻplami “Sharq” nashriyoti tomonidan chop etildi.

“Temiryoʻl” nomli romani 2009-yili oʻquvchilar qoʻliga borib yetdi. Ushbu roman “Toshguzar-Boysun-Qumqoʻrgʻon” temiryoʻl tarmogʻini barpo etgan fidokor temiryoʻlchilar hayotidan olib yozilgan boʻlib, zamondoshlarimiz qiyofasi yoritilgan eng yaxshi asarlardan biri sifatida baholandi. Shu yili muallif matbuotda eʼlon qilingan badiiy publitsistik maqolalari uchun “Oltin qalam” xalqaro tanlov sovrindori boʻldi.

2012-yilda Luqmon Boʻrixon “Tun qaʼridagi shuʼla” nomli qissa va hikoyalar toʻplamini, “Buyuk oʻzbek yoʻli” badiiy publitsistik maqolalar jamlanmasini oʻquvchilar hukmiga havola etdi.

Luqmon Boʻrixon keyinchalik “Olov tutgan odam”, “Begonalar yurmas bu yerda” kabi romanlari bilan adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Yozuvchining, ayniqsa, buyuk alloma Imom Moturidiy hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Imom Moturidiy” deb nomlangan romani adabiyot ixlosmandlarida, keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Qator taniqli ijodkorlar, mutaxassislar, diniy soha olimlari tomonidan yuksak eʼtirof etildi. Ushbu asarida yozuvchi olis X asr boshlaridagi koʻhna Samarqandning siyosiy-ijtimoiy, maʼrifiy hayotidan ayrim lavhalarni qalamga oladi. Ulugʻ ajdodlarimizdan biri, mashhur alloma Abu Mansur Moturidiyning badiiy siymosini aks ettirishga urinadi. Asar dramatik voqealarga, qiziqarli, sermazmun bahs-munozaralarga boy.

“Imom Moturidiy” romani «2022-yilning eng yaxshi asari” sifatida baholandi va tanlovning bosh mukofotiga loyiq koʻrildi.

Adibning 2022-yilda chop etilgan “Sokin daryo” romani ham oʻquvchilarni befarq qoldirmadi. Muallif ushbu asarida davrimizning atoqli olimlaridan birining hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Bugungi yoshlarimizga ibrat boʻladigan qahramon siymosini badiiy boʻyoqlarda yorqin tasvirlab berdi.

U 2007-yilda “Shuhrat” medali, 2012-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?