Oʻzbekistonda Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etiladi

12:33 17 Sentyabr 2025 Siyosat
122 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yilning oʻzida 270 mingdan ziyod kambagʻal oila aʼzosi doimiy ishli boʻldi. Bu haqda Prezident “Kambagʻallikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishidagi nutqida aytib oʻtdi.

Hozirda mamlakatimizda yettita ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda.

Eng avvalo, kambagʻal aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga oʻtgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻldi.

“Eʼtiborlisi, davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda koʻmakchi boʻlmoqda.

Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning oʻzida 270 mingdan ziyod kambagʻal oila aʼzosi doimiy ishli boʻldi”, dedi Prezident.

Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlanmoqda. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yoʻl qurilishi, tibbiyot va taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Sifatli taʼlim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambagʻallikni qisqartirishning asosiy “drayveri” boʻlib qoladi.

Birgina misol, bolalarning bogʻcha bilan qamrab olingani 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollar taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganish va daromad topish imkoniga ega boʻldi.

Bu ishlar davom ettirilib, kambagʻal oila farzandlarini maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar oʻrganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi va bu orqali 100 ming kambagʻal oila farzandlari qamrab olinadi.

Har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari koʻpaytiriladi.

Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер