Oʻzbekistonda 5 ta yangi tashkil etilgan OTM oʻz faoliyatini boshlaydi

12:20 25 Avgust 2024 Jamiyat
454 0

Oʻzbekiston davlat oliy taʼlim muassasalarida 2024/2025 oʻquv yilida jami 1 million 167 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova maʼlum qildi.

Uning bildirishicha, oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublikada oliy taʼlim muassasalari soni 211 tani tashkil etadi. Ular — 112 ta davlat, 30 ta xorijiy va 69 ta nodavlat oliy taʼlim muassasalari hisoblanadi. Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi 43 foizga yetkazildi.

2024/2025-oʻquv yilida respublikada 5 ta yangi tashkil etilgan quyidagi oliy taʼlim muassasalari oʻz faoliyatini boshlaydi:

  • Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (davlat OTM);
  • Toshkent tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali (davlat OTM);
  • Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali (xorijiy OTM filiali);
  • Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti (nodavlat OTT);
  • Tashkent Metropolitan university (nodavlat OTT).

TOP-300 oliygohlar taʼlim dasturlari asosida oliy taʼlim yoʻnalishlari 40 foizgacha maqbullashtirildi va buning natijasida 306 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi 183 taga, 645 ta magistratura mutaxassisliklari 546 taga qisqartirldi.

Maqbullashtirilgan 183 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 546 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari ishlab chiqilib tasdiqlandi hamda barcha oliygohlarga yetkazib berildi. Talabalarda amaliy kompetensiyalar va koʻnikmalarni kuchaytirish maqsadida kamida 15 haftalik uzluksiz malakaviy amaliyotlar oʻtkazilishi belgilandi.

2023/2024-oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalarini jami 197 319 nafar, shundan bakalavriatni 192 376 nafar, magistraturani 4943 nafar talaba tamomlagan. 2024/2025 oʻquv yilida respublika davlat oliy taʼlim muassasalarida jami 1 mln 167 ming nafardan ortiq, jumladan, ikkinchi va undan yuqori kursda 652 ming nafar, birinchi kursda 215 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilmoqda.

Yangi oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt miqdorlari 7 400,0 ming soʻmdan – 11 250,0 ming soʻmgacha boʻlgan oraliqda belgilangan.

Natijada, amaldagi kontrakt toʻlovlari bitta talabani bir yillik oʻqitish xarajatlarining oʻrta hisobda 65,5 foizini qoplamoqda. Yetishmagan mablagʻlar oliy taʼlim muassasalarining tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlar hisobidan qoplanishi kutilmoqda. Texnika, madaniyat va sanʼat hamda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi aksariyat oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun yetishmayotgan mablagʻlarning bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.

Bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud boʻlib, ularning sigʻimi 127 792 oʻrinni tashkil etmoqda. Bu yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning 54 foizini qamrash imkonini beradi.

Respublika miqyosida 46 252 oʻrinli 86 ta talabalar turar joylarini barpo etish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?