Oʻzbekiston vakillari Panjob xalqaro savdo koʻrgazmasida ishtirok etdi

19:17 13 Dekabr 2023 Madaniyat
619 0

Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi vakillari Panjob xalqaro savdo koʻrgazmasida “PITEX-2023" ishtirok etdi.

Mazkur koʻrgazma har yili Hindistonning PHD Savdo va sanoat palatasi (PHD Chamber of Commerce and Industry) tomonidan Amritsar shahrida tashkil etiladi. Joriy yildagi tadbirda 500 dan ortiq mahalliy va chet el kompaniyalari vakillari qatnashdi. Avtomobilsozlik, toʻqimachilik, charm-poyabzal, maishiy texnika, hunarmandchilik, oziq-ovqat, mebel, qurilish, tibbiyot va boshqa sohalarning mahsulotlari hamda xizmatlari namoyish etildi.

PITEX-2023 doirasida Oʻzbekiston ishlab-chiqarish sohalarining salohiyati haqida maʼlumot taqdim etildi, respublikamizda tayyorlanayotgan mahsulotlarning Hindiston bozoriga import hajmini koʻpaytirish, xorij kompaniyalari bilan turli sohalarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Anjuman ishtirokchilari mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari boʻyicha mavjud takliflar bilan tanishdi.

Panjob shtati investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash byurosi ijrochi direktori Devinder Xarbanda bilan muloqot davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillarining investitsiyaviy faoliyati uchun yaratilgan qulay muhit, ularga taqdim etilayotgan imtiyozlar, preferensiyalar, respublikamiz eksport va turizm salohiyati, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Hindiston kompaniyalarining muvaffaqiyatli tajribasi haqida soʻzlab berildi. Farmatsevtika, toʻqimachilik, ipak, charm-poyabzal, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Devinder Xarbanda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar yuqori surʼatlarda rivojlanayotgani, Panjob shtati biznes doiralari vakillari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Forum davomida hind kompaniya va firmalari vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?