Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik muhokama qilindi

12:08 31 Dekabr 2024 Jamiyat
711 0

Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov “Prohuman” rekruting kompaniyasi bosh direktori Agnes Tot va xizmatlar boʻyicha direktori Endre Kovach bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Vengriyaga turli kvalifikatsiyali ishchilar va mutaxassislarni Oʻzbekistondan jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Prohuman” kompaniyasi Vengriyaning yetakchi rekruting tashkilotlaridan biri boʻlib, yuqori va oʻrta-quyi kvalifikatsiyali xodimlar, shuningdek, IT, tibbiyot va avtomobilsozlik sohalarida mutaxassislarni ish bilan taʼminlashga ixtisoslashgan. Hozirda kompaniya 12 mingga yaqin kishini Vengriya va boshqa mamlakatlarda ishga joylashtirgan.

Kompaniya rahbarlari mamlakatimizda Vengriya mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitishni tashkil etish tashabbusini ilgari surishdi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirishi va kasbiy oʻsish yoʻnalishida yangi istiqbollarni ochishi mumkin.

Hamkorlik doirasida mehnat migrantlari uchun malaka oshirish dasturlari va ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash koʻzda tutilgan. Vengriya mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan sohalarga yoʻnaltirilgan oʻquv kurslarini joriy etish imkoniyatlari oʻrganilmoqda.

Ushbu hamkorlik nafaqat mehnat migratsiyasini, balki ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Oʻzbekiston fuqarolari uchun Vengriyada ishlash imkoniyatlari yaratilishi yangi ish oʻrinlari va kasbiy rivojlanishga turtki beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер