Oʻzbekiston va Vengriya muzeylari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

14:47 29 Mart 2024 Jamiyat
509 0

Oʻzbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Budapesht shahridagi Vengriya etnografiya muzeyi bosh direktori Layosh Kemechei bilan uchrashdi.

Vengriya etnografiya muzeyi Yevropadagi eng yirik muzeylar qatorida qayd etiladi. Muzey fondi oʻz sohasi boʻyicha Yevropaning yetakchi tadqiqot va taʼlim muassasalaridan biridir. Etnografiya muzeyi kolleksiyasida 250 mingga yaqin eksponatlar mavjud. Mazkur madaniy muassasada ibtidoiy jamiyatlardan tortib to sivilizatsiyalashgan jamiyatlargacha boʻlgan dunyoning barcha mintaqalaridan olimlar va shaxsiy kolleksionerlar tomonidan toʻplangan xalq amaliy sanʼati va madaniyatining ulkan toʻplami mavjud.

Muzokaralar chogʻida muzey direktori Oʻzbekistonning qadimiy tarixining ashaddiy muxlisi ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekistonda mamlakatimizning barcha hududlaridagi muzeylar koʻrgazmalarini yangilash, qayta koʻrgazmaga qoʻyish, muzey ashyolari va kolleksiyalarining elektron katalogini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqidagi maʼlumotlar Vengriya tomoniga katta qiziqish uygʻotdi.

Layosh Kemechei Vengriya etnografiya muzeyi va Oʻzbekiston muzeylari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muntazam muloqotni davom ettirish va qoʻshma tadbirlar oʻtkazishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?