Oʻzbekiston va Tojikiston parlamentlararo hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

10:24 17 Dekabr 2025 Siyosat
208 0

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Tojikiston Respublikasi Majlisi namoyandagon Majlisi Oli Raisining oʻrinbosari Gʻiyozoda Aziz bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Tojikiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining yaqin qoʻshnisi va strategik sherigi ekani taʼkidlandi.

Ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar mamlakatlarning strategik sherikligini izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Suhbat chogʻida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishining ahamiyati va uning natijalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Parlamentlar yuqori palatalari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha komissiyaning samarali faoliyati qayd etildi.

Senat Raisi Tojikiston tomonini 13-14-oktabr kunlari Dushanbe shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasining yalpi majlisi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston parlament delegatsiyasini Tojikiston Respublikasi Prezidenti qabul qilgani ikki davlat oʻrtasidagi ishonch va konstruktiv hamkorlikning yuksak darajasidan dalolat ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududlararo muloqotni kuchaytirish, doʻstlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, qonunchilik tajribasi almashinuvi hamda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ekologiya sohalaridagi oʻzaro aloqalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?