Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari xalqlarimiz jasoratiga hurmat bajo keltirdilar

20:36 27 May 2024 Siyosat
1703 0

Oʻzbekiston-Rossiya sammiti doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Toshkent shahridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.

Koʻp millatli xalqlarimiz koʻp asrlik umumiy tariximiz va uning yorqin sahifalari, jumladan, Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabani alohida hurmat-eʼtibor bilan yod etadilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” tamoyili islohotlar dasturining mutlaq ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Xususan, oʻzbekistonliklarning urush janggohlarida koʻrsatgan qahramonligi va front ortidagi fidokorona mehnatini abadiylashtirish uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020-yil 9-mayda “Gʻalaba bogʻi” ochildi.

Keng majmua bir nechta hududga boʻlingan boʻlib, har biri alohida mavzuga bagʻishlangan – urush dahshatlari va askarlar qahramonligi, front ortidagi ishchilar matonati va fidoyiligi, qaygʻu va dard, shodlik va shukronalik.

Bu yerga tashrif davomida Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari halok boʻlgan askarlarning xotirasini yodga oldilar va urush dastidan besh nafar oʻgʻlidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova xotirasiga oʻrnatilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qoʻydilar.

Majmuaning eng yuqori nuqtasi – sunʼiy tepalik choʻqqisida “Abadiy jasorat” kompozitsiyasi – Sovet Ittifoqi Qahramoni general-mayor Sobir Rahimov va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan barcha oʻzbekistonlik askarlar xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik oʻrnatilgan.

Tepalik ichida bogʻning asosiy pavilyoni – Oʻzbekistonning urushdagi ishtiroki tarixiga bagʻishlangan Shon-sharaf muzeyi joylashgan.

Yetakchilar muzeyning boy ekspozitsiyasi bilan tanishib, shonli oʻtmishimiz haqidagi xotirani asrab-avaylash muhimligini taʼkidladilar. Tarixiy merosni eʼzozlash yoshlarda vatanparvarlik ruhini tarbiyalash va xalqlar oʻrtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi.

Gʻalaba bogʻining mahobati va salobati Rossiya delegatsiyasi aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?