Oʻzbekiston va AQSH harbiy shifokorlari COVID-19ga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashdi

20:32 03 Fevral 2021 Siyosat
984 0

Missisipi shtati Milliy gvardiyasi vakillari va Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining Tibbiyot direksiyasi, Markaziy harbiy klinik gospitali rahbariyati oʻrtasida onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi.

Tadbirda tomonlar COVID-19ga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar boʻyicha tajriba almashdi.

Elchi Javlon Vahobov tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz aholisi orasida koronavirus bilan kasallanganlar sonining sezilarli darajada kamaygani haqida maʼlumot berdi. Respublikada iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlari faoliyati tiklangani, ilgari joriy qilingan cheklovlar bekor qilingani qayd etildi. Biroq tibbiy niqobda yurish va ijtimoiy masofani saqlash majburiyati saqlab qolingani taʼkidlandi. MDH, Janubiy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarining baʼzilari bilan xalqaro reyslar tiklangani maʼlum qilindi.

Markaziy harbiy klinik gospital vakillari Mudofaa vazirligi mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda COVID-19ga qarshi kurashish boʻyicha 815 oʻrinli tibbiyot markazi tashkil etganini taʼkidladi. Bu yerda pandemiya boshlanganidan beri 18 mingdan ziyod bemor davolangan. Eʼtiborlisi, markazdagi bemorlarning atigi 10-15 foizi intensiv terapiyaga zarurat sezdi.

Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qoʻmondoni general Jenson Boylzning aytishicha, mintaqada anjuman oʻtkazilgan kungacha 268 ming 672 kishi yangi virusli infeksiyani yuqtirgan. Ulardan 5 ming 917 nafari koronavirus bilan bogʻliq asoratlar tufayli vafot etgan. Hududda har kuni oʻrtacha 2 ming 100 kishi ushbu yaxshi oʻrganilmagan virusga chalinmoqda, oʻlim holati 35-45 kishini tashkil qilmoqda. Taʼkidlanishicha, shtatda hanuzgacha aholi uchun karantin cheklovlari mavjud, ommaviy tadbirlar bekor qilingan, taʼlim muassasalari yopilgan.

Amerikalik generalning soʻzlariga koʻra, Milliy gvardiya shtatda 250 dan ortiq harbiy xizmatchi ishlaydigan 15 ta yirik tibbiy markaz tashkil qilgan. Oʻtgan yilning dekabr oyi oxirida shtatda aholini, birinchi navbatda 65 yoshdan oshgan qariyalar, tibbiyot xodimlari va ijtimoiy sohada ishlaydigan mutaxassislarni virusga qarshi emlash boshlandi. Har kuni 17-18 ming kishi koronavirusga qarshi yangi vaksina olmoqda. Biroq shtat aholisining 30-35 foizi yangi dori-darmonga ishonchsizlik tufayli COVID-19 vaksinasini qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Missisipi Milliy gvardiyasi tibbiyot mutaxassislari, shuningdek, koronavirus bilan kasallangan bemorlarning aksariyati uyda davolanayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, kasallikning dastlabki besh kuni davomida Markaz xodimlari bemorlarning ahvolini masofadan nazorat qilmoqda. COVID-19 bilan ogʻrigan bemorlarga, odatda, ibuprofen asosidagi virusga qarshi preparatlar buyurilmoqda. Missisipidagi tibbiyot muassasalari koronavirusga qarshi uch turdagi testlarni oʻtkazish imkoniyatiga ega: koʻchma laboratoriyalardagi ekspress-tahlil (aniqlik darajasi - 60-70 foiz), statsionar tibbiyot maskanlaridagi tahlil (95 foiz aniqlik), PZR-test (100 foiz aniqlik).

Muzokaralar natijasida Missisipi Milliy gvardiyasi tomonidan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi uchun ekspress-testlar taqdim etishda amaliy yordam berish imkoniyatlarini koʻrib chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, pandemiya sharoitiga qaramasdan, general Jenson Boylz ichida Missisipida mamlakatimiz Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini yaqin kunlarda qabul qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasidagi hamkorlikning poydevori 2012-yilda qoʻyilgan edi. Oʻsha yil Pentagon ushbu shtat Milliy gvardiyasini respublikamiz Mudofaa vazirligining hamkori etib belgilagan edi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasida koʻp qirrali va izchil hamkorlik amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil sentyabr oyida Milliy gvardiya qoʻmondoni Jenson Boylz va kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiya bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi avvallari asosan harbiy aloqalar bilan cheklangan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

2019-yil fevral oyida Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasi Missisipi shtatida boʻldi. Mazkur tashrif davomida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va shtat Qishloq xoʻjaligi va savdo departamenti, Missisipi shtati rivojlanish administratsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Shtat innovatsion assotsiatsiyasi (“Innovate Mississippi”) oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

2019-yil may oyida Oʻzbekiston-Amerika munosabatlari tarixida birinchi marta shtat gubernatori Filipp Brayant Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Qishloq xoʻjaligi, taʼlim, investitsiya va madaniyatlararo almashinuv sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Klinton va Zarafshon shaharlari oʻrtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlari oʻrnatildi. Missisipi davlat universiteti va Alkorn universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti oʻrtasida akademik hamkorlik oʻrnatildi.

2019-yilda Klinton shahri meri Fil Fisher va Zarafshon shahri hokimi Anvar Rajabov ushbu shaharlar oʻrtasidagi birodarlik munosabatlarini rivojlantirish doirasida oʻzaro tashriflar almashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер