Oʻzbekiston urani Hindistonga eksport qilinadi
Foto: Xalq so‘zi
Bugun mamlakatimizda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksport salohiyatini yuksaltirish va tashqi bozorda ularning mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu asosda oʻz mahsulotini yuz foiz eksportga yoʻnaltiruvchi «Navoiyuran» DKda bozor konyukturasini doimiy tahlil etish, hamkorlik doiralari va eksport geografiyasini kengaytirishning aniq chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Shu kunga qadar Yaponiya, Kanada, AQSH, Janubiy Koreya kabi davlatlarga mahsulot yetkazib berayotgan korxona endilikda yangi manzil - Hindistonga ham oʻz eksport darvozalarini ochadi.
Korxonaga tashrif buyurgan ushbu davlat delegatsiyasi korxona rahbariyati bilan uchrashib, eksport masalalarini muhokama qildilar.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi yaqin doʻstlik munosabatlari uzoq tarixga ega. Taʼbir joiz boʻlsa, Hindistonni oʻzbek xalqi bilan koʻp asrlik madaniy, savdo-iqtisodiy hamda samimiy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. 2019-yilda «Navoiyuran» davlat korxonasi va Hindiston hukumatining «Atom energiyasi departamenti» bilan imzolangan shartnoma esa ushbu hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqdi.

— Hindiston dunyo iqtisodiyotida importdan koʻra eksport salohiyati yuqori mamlakatlardan biri hisoblanadi, — deydi «Navoiyuran» DK Bosh direktori J. Xasanov. — Oʻsha kamdan-kam eksportyor korxonalar safida boʻlishimiz bevosita mamlakatimiz Prezidentining oqilona tashqi siyosati samarasidir. Albatta, bu jamoamizga katta masʼuliyat yuklaydi.
Shartnomaga koʻra, «Navoiyuran» 2023-yilning mart oyidan boshlab strategik xomashyo boʻlgan tabiiy uran mahsulotini Hindistonga eksport qilishni boshlaydi.
Delegatsiyaning tashrifidan yana bir maqsad esa tayyor mahsulotni Hindistonga joʻnatishdan oldin nazorat koʻrigi va sifatini laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishdan iborat. Shu maqsadda delegatsiya uran ishlab chiqarish zavodi va uning tayyor uran mahsulotini joʻnatish uchastkasida boʻlishdi.
Korxona mutaxassislari tomonidan ular ishlab chiqarish va mahsulotni eksportga tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, Hindistonga joʻnatiladigan tabiiy uranni ham koʻzdan kechirishib, mutaxassislarning bu boradagi faoliyatiga ijobiy baho berishdi.
Maʼlumot uchun. «Navoiyuran» DK tomonidan 2023-2026-yillar davomida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan tabiiy uran “Itochu”, “Marubeni”, “Cameco”, “KHNP” kabi jahonning yetakchi kompaniyalariga eksport qilinishi boʻyicha tegishli shartnomalar imzolangan.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring