Oʻzbekiston tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurash boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi rol oʻynamoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Toshkentda birdaniga shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha uchta yirik xalqaro tadbir, yaʼni, Shoʻrlangan tuproqlar xalqaro tarmogʻi(INSAS)ning ikkinchi yigʻilishi, Yevrosiyo submintaqaviy tuproq hamkorligining oltinchi yalpi yigʻilishi va shoʻrlangan tuproqlarni tahlil qilish boʻyicha Global tuproq laboratoriyalari tarmogʻining (GLOSOLAN) treningi boʻlib oʻtdi.
Yirik xalqaro forumda 150 nafar ishtirokchi, jumladan, Avstraliya, Armaniston, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Malayziya, Niderlandiya Qirolligi, Tanzaniya Birlashgan Respublikasi, Pokiston, Senegal, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Fransiya, Xitoy, Eron Islom Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislar ishtirok etdi.
Global tuproq hamkorligi (GSP), Yevroosiyo tuproq hamkorligi (EASP) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi Tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va bir qator milliy hamkorlar bilan birgalikda ushbu tadbirlarning tashkilotchilari boʻldilar. Ushbu yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazish Oʻzbekistonning FAOdagi doimiy vakili Otabek Akbarovning saʼy-harakatlari tufayli amalga oshirildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu hamkorlik doirasida “Global tuproq hamkorligi doirasida tuproq resurslarini barqaror boshqarishni qoʻllab-quvvatlash – III faza” loyihasi imzolandi.
FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov taʼkidlashicha, ushbu loyiha hujjatining imzolanishi katta yutuq boʻldi. Loyiha tuproq resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi milliy, mintaqaviy va global salohiyatni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Tuproqning shoʻrlanishiga bagʻishlangan qator tadbirlar orasida INSASning ikkinchi yigʻilishi muhim oʻrin egalladi. Ushbu yigʻilishi oʻtgan davrda erishilgan yutuqlarni koʻrib chiqish va baholash, ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash va 2023-2024-yillarga moʻljallangan ish rejasini ishlab chiqish, shuningdek, tarmoq aʼzolarining hamkorligini mustahkamlash va tabiiy resurslarni samarali boshqarish va tuproqning shoʻrlanishiga qarshi kurashish sohasidagi ularning bilim va koʻnikmalarini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida chaqiriladi. INSAS treninglari tuproqdagi suv va tuzlarning harakatini modellashtirish, manfaatdor tomonlarni aniqlash va ularning shoʻrlangan yerlarni barqaror boshqarishga taʼsirini baholash, shuningdek fermer xoʻjaligi darajasida elektromagnit induksiya yordamida tuproq shoʻrlanishini xaritalashni oʻz ichiga oldi.
INSAS raisi Xorxe Bate-Sales qayd etishicha, barcha tavsiyalar, shu jumladan ilmiy-texnik maʼlumotlar fermerlar uchun tushunarli boʻlishini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi juda muhimdir. Fermerlar oxirgi foydalanuvchi boʻlib, kundalik hayotda tuproqning shoʻrlanishi muammolariga duch kelganligi sababli, ular ushbu tavsiyalarni tushunishlari va samarali bajarishlari kerak. Suv resurslaridan oqilona foydalanish va tuproqni muhofaza qilish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishda ushbu jarayonlarning atrof-muhitga mumkin boʻlgan taʼsirini hisobga olish kerak. Bunday kompleks yondashuv barqaror rivojlanishga erishish uchun juda muhimdir.
GLOSOLAN treninglari Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasida oʻtkaziladi. Laboratoriya mashgʻulotlari xalqaro ekspertlar va INSAS vakillari tomonidan oʻtkazildi. Ishtirokchilar tuproq shoʻrligi, pH va bor miqdorini oʻlchashni oʻrgandilar. Shuningdek, ular tuproq laboratoriyalarini boshqarish, shu jumladan sifat nazorati va kafolatining amaldagi xalqaro standartlari haqida koʻproq bilib oldilar.
— Treninglar davomida biz GLOSOLAN doirasida xalqaro miqyosda uygʻunlashtirilgan tuproq shoʻrlanishini baholashning yangi standart tartiblarining afzalliklarini namoyish etamiz, — deydi GLOSOLAN texnik qoʻmitasi aʼzosi Georgiy Gambashidze. — Ushbu usullar shunday tuzilganki, ularni dunyoning istalgan nuqtasida tuproq shoʻrlanishi mavjud boʻlgan joyda qoʻllash mumkin. Bunday tartiblar natijalari tuproq unumdorligini oshirish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi”,
Yevrosiyo submintaqaviy tuproq hamkorligining 6chi yalpi yigʻilishida Yevroosiyo mintaqasining 12 ta mamlakati vakillari mintaqada tuproqni barqaror boshqarish usullarini joriy etishdagi mavjud toʻsiqlarni muhokama qildilar va aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun mintaqaviy hamkorlik va bilim almashinuvini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida kelishib oldilar. Yevroosiyo tuproq hamkorligining majburiyatlari bir ovozdan qabul qilingan Toshkent kommyunikesida bayon etilgan. Yalpi majlisda Submintaqaviy Yevroosiyo tuproq hamkorligining yangi ish rejasi muhokama qilindi va oʻzaro kelishildi, yangi rais va rais oʻrinbosari saylandi.
Tadbirlar doirasida Oʻzbekistonda FAO tomonidan amalga oshirilayotgan va Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi tomonidan qoʻshimcha tadbir tashkil etildi. Markaziy Osiyoning sugʻoriladigan yerlarida tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashishga bagʻishlangan tadbirda mutaxassislar shoʻrlanish sabablari, tuproq degradatsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini muhokama qildilar, ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashdilar va bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Yakuniy tadbir ishtirokchilarning Orol dengiziga tashrifi boʻldi. Tashrif dasturiga Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi, Moʻynoqdagi Orol dengizi muzeyi, shuningdek Orol dengizining sobiq qirgʻoqlari boʻylab sayohat kirdi.
Tashrif davomida xorijiy va milliy ekspertlar tuzga chidamli galofit oʻsimliklar namoyish qilinayotgan SATREPS (Barqaror rivojlanish uchun ilmiy va texnologik tadqiqotlar boʻyicha hamkorlik) dala maydoniga tashrif buyurishdi. Mutaxassislar tuproqning shoʻrlanishini yumshatish va shoʻrlanishdan taʼsirlangan qishloq xoʻjaligi yerlarining iqtisodiy foydasini oshirish uchun aralash dehqonchilik tizimida koʻp maqsadli galofitlar va tuzga chidamli glikofitlarni (shoʻrlangan tuproqlarda yashashga moslashish imkoniyati juda cheklangan oʻsimliklar) yetishtirishning afzalliklarini muhokama qildilar. Tashrif ishtirokchilari Amudaryo deltasida joylashgan Qorabugʻa koʻrgazma maydonida ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Bundan tashqari, tashrif davomida tuproq shoʻrlanishini oʻlchash uchun YEM-38 elektromagnit induksion qurilmasi yordamida yerlarni xaritalash boʻyicha treninglar oʻtkazildi.
Tadbirlar yerlarning shoʻrlanishiga qarshi kurashish va global miqyosda tuproq salomatligini taʼminlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi. Ular qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlarining barqarorligini oshirish, shuningdek, hech kimni ortda qoldirmagan holda ishlab chiqarishni yaxshilash, ovqatlanishni yaxshilash, atrof-muhitni yaxshilash va hayot sifatini yaxshilashni taʼminlash uchun muhimdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring