Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov vafot etdi

14:03 13 Oktyabr 2020 Sport
928 0

Bugun, 13-oktyabr kuni Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov 71 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda MOQ xabar berdi.

"Xudoyberganov Komiljon Sobirovich 1949-yil 27-aprel kuni Xorazm viloyatida tugʻilgan. Komiljon Sobirovich umrining aksariyat qismini oʻzbek sportining rivojiga bagʻishladi. Jumladan, Toshkent qishloq xoʻjaligi irrigatsiyasi va mexanizatsiyasi muhandislari institutida oʻqib yurgan kezlari sportning voleybol, sambo va kurash turlari boʻyicha institut terma jamoasi aʼzosi, 1968-yil Moskvada qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan sambo boʻyicha musobaqa gʻolibi boʻlgan.

1984-1989-yillarda Oʻzbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining Jizzax va Xorazm viloyatlari boshqarmalari boshligʻi, 1989-1992-yillarda Oʻzbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining Tashkiliy ishlar boshqarmasi boshligʻi, “Sport hamma uchun” assotsiatsiyasi rahbari lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2015-yildan beri Oʻzbekiston sport faxriylari kengashiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Komiljon Xudoyberganov Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi sifatida oʻzbek sporti faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning holidan xabar olish, mamlakat sportidagi islohotlarga keng jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Bu yil yuzaga kelgan pandemiya davrida ham oʻz vazifasini ado etish uchun muntazam faxriylarimiz bilan koʻrishib, ularni zarur dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlab, moddiy tomonlama qoʻllab-quvvatlab, koʻpchilikning duosini olgan fidoiy va vatanparvar insonlardan edi.

U kishining faoliyati davomida Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining ishi ancha jonlandi. Komiljon Sobirovichning tashabbusi bilan ulkan hayotiy tajribaga ega faxriylarimiz mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, sogʻlom turmush tarzi, Olimpizm gʻoyalarini targʻib qiluvchi va yosh-avlodni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalovchi tadbirlariga keng jalb qilindi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi Komiljon Xudoyberganovning yaqinlariga chuqur hamdardlik va taʼziya izhor qiladi" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?