Oʻzbekiston — Rossiya: hududlararo hamkorlikda Surxondaryo viloyati faol

16:37 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
261 0

Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari va oliy darajadagi kelishuvlar natijasida shakllanib, strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati delegatsiyasi tarkibida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ham ishtirok etdi va tadbirda soʻzga chiqdi. U. Qosimov nutqida Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan hududlararo hamkorlik doirasida Surxondaryo viloyatining Novosibirsk va Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk oʻlkasi, shuningdek, Tatariston va Mordoviya Respublikalari bilan yaqin aloqalar oʻrnatganini taʼkidladi.

Yigʻilish yakunlarida Surxondaryo viloyati hokimligi va Krasnoyarsk viloyati hukumati oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi. Bu hujjat kelgusida savdo, investitsiya va sanoat sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Surxondaryo viloyati hokimi Krasnoyarsk viloyati gubernatori Mixail Kotyukov bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi Sankt-Peterburg hukumati aʼzosi Yevgeniy Grigorev hamda Chelyabinsk viloyati hukumati xalqaro va mintaqalararo ishlar vaziri Dmitriy Gluxarev bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi.

Muloqotlarda hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, eksport salohiyatini oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishbilarmon doiralar muloqotini faollashtirish masalalari muhokama etildi.

Rossiyaning turli hududlari bilan yoʻlga qoʻyilayotgan bu hamkorliklar nafaqat Surxondaryo viloyatining iqtisodiy rivojiga, balki butun mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Hududlararo muloqotning kengayishi yangi ish oʻrinlarini yaratish, eksport hajmini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?