Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi Nafas” ommaviy yugurishi musobaqasi bilan nishonlanadi

16:30 10 Avgust 2023 Sport
2329 0

3-sentyabr kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda turli yoshdagi havaskor va professional sportchilar hamda sogʻlom turmush tarzi ixlosmandlari mamlakatimizning aziz bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan keng koʻlamli sport harakatiga qoʻshilishlari mumkin boʻladi.

Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida press-anjuman oʻtkazilgan boʻlib, unda kelgusi ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Federatsiyaning bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhamedov, tashkiliy qoʻmita va OAV vakillari ishtirok etdi.

Mustaqillikning 32 yilligi Toshkent, Nurafshon , Guliston, Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, Gʻuzor, Xiva va Nukusda “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bilan nishonlanadi. Poytaxtda yuguruvchilarga 3 va 10 kilometrga teng boʻlgan ikki xil masofa, boshqa shaharlarda esa 3 kilometrlik bitta masofa taqdim etiladi.

“Yangi Nafas” yugurish musobaqasining rasmiy shiori – “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!» mamlakatimizning 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan har bir fuqarosini birlashtirgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini nishonlash jarayonidagi kayfiyat va umumiy muhitni yanada aniqroq aks ettiradi.

Taʼkidlash joizki, anʼanaviy tarzda muhim davlat sanalari va xalqaro sport tadbirlariga bagʻishlab tashkil etilayotgan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi” toʻgʻrisidagi qarori doirasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish hamda aholini faol turmush tarziga jalb etish maqsadida qabul qilingan keng koʻlamli davlat dasturining ijrosiga yaqqol misol boʻla oladi. Maqsadli davlat dasturi aholini bosqichma-bosqich faollashtirib, hamma darajalarda salomatlikni mustahkamlash va hayot sifatini oshirish masalalariga eʼtiborni qaratdi.

“Yangi Nafas” ijtimoiy loyihasini hayotga tatbiq etishning uch yili davomida Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi va “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda 700 ming nafardan ortiq odam ommaviy yugurish musobaqasiga qoʻshilib, sport tadbirlarida faol ishtirok etishda davom etmoqdalar. “Yangi Nafas” loyihasi “Save Aral”, “Men Gʻolib”, “Vatan Qalqoni” ommaviy yugurish musobaqalari bilan hamkorlikda yosh avlodda ham, kattalarda ham yengil atletikaga qiziqishni yangi bosqichga koʻtardi.

Ommaviy sportni rivojlantirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish Yangi Oʻzbekiston barpo etayotgan ijtimoiy siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi.

“Yangi Nafas”, shuningdek, yugurish ixlosmandlari uchun xalqaro maydonchaga aylanib bormoqda. Tadbir Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan va musobaqalarda faol ishtirok etib kelayotgan xorijlik fuqarolardan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan keladigan musobaqa qatnashchilarini ham birlashtiradi. Sentyabr oyida Toshkentga Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston sport klublari vakillari ushbu bayramda ishtirok etish uchun tashrif buyuradilar.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Toshkent shahrida oʻtkaziladigan navbatdagi “Yangi Nafas” yugurish musobaqasida 31-avgustgacha Iticket.uz saytida roʻyxatdan oʻtish orqali ishtirok etish mumkin. Fuqaroligidan qatʼi nazar, barcha yugurish ixlosmandlari mazkur yugurish musobaqasiga qoʻshilishlari mumkin.

Aholining barcha qatlamlari sport musobaqalarida ishtirok etishlari uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda musobaqa uchun roʻyxatdan oʻtish va qatnashish bepul! Yengil atletika federatsiyasi tashabbusi bilan har bir hududda “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”, “temir” daftar, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarning ishtirok etishi uchun kvotalar ajratilgan. Yugurish musobaqalari va marafonlarning doimiy ishtirokchilari orasida nogironligi bor fuqarolar ham mavjud.

3 km masofada 9 yosh va undan katta yoshdagilar uchun sport musobaqalarida ishtirok etishga ruxsat etiladi. 10 km masofada ishtirok etish yoshi 14 yosh va undan katta. Barcha shaharlarda soat 6:30 da yagona start beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?