Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etiladi

19:44 07 Iyun 2023 Siyosat
862 0

Muddatidan ilgari Prezident saylovini oʻtkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turgʻunov 9-iyul sanasida boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi, uning yangilangan saylov qonunchiligi asosida oʻtkazilishi, milliy saylov qonunchiligi xalqaro umumeʼtirof etilgan tamoyillar, xalqimizning fikrlari, takliflari asosida takomillashtirilganligi hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uygʻunlashtirilgani haqida fikr bildirdi.

Ayni paytda 6-Namangan saylov okrugida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Okrug hududida 832 ta saylov uchastkalari tuzildi. Ularning 7 tasi harbiy qismlarda, 659 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida, 57 tasi kollej, kasb-hunar maktabi, litsey va texnikumlarda,
24 tasi mahalla fuqarolar yigʻini binolarida, 41 tasi madaniyat va sport markazlarida hamda qolganlari boshqa muassasalarda joylashgan.

Komissiya raisi shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Saylov kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgani toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, yangi tahrirdagi kodeksning 5-moddasi uchinchi qismiga binoan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligiga eʼtibor qaratildi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi. Shundan kelib chiqib, okrug hududida maxsus yangi saylov uchastkasi tashkil etildi. U Pop tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida joylashgan.

Anjuman ishtirokchilariga viloyatdagi saylov uchastkalari komissiya aʼzolari umumiy soni, sifat tarkibi haqida ham maʼlumot berildi. Shuningdek, prezidentlikka nomzodlarning 7-iyuldan boshlangan va bir oy davom etadigan saylovoldi tashviqotini tashkil etish, markaziy saylov komissiyasi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Yangi Oʻzbekiston”, “Pravda Vostoka” kabi respublika gazetalarida hamda yigirma toʻrt nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlanganligi aytib oʻtildi. Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozimligiga eʼtibor qaratildi.

Bugunga kelib, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan 34 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 55 vakili akkreditatsiyadan oʻtkazilganligi xususida ham maʼlumot berildi.

Matbuot anjumanida Prezident saylovi kampaniyasi, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?