Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishidagi nutqi

12:29 11 Noyabr 2022 Siyosat
678 0

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Qadrli doʻstlar!

Sizlarni Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan, jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri boʻlgan azim Samarqand shahrida koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman.

Yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining Sammitida ishtirok etayotganingiz uchun barchangizga alohida tashakkurimni izhor etaman.

Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz, aziz doʻstlar!

 

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Avvalambor, jahon xalqlari uchun doʻstlik va tinchlik timsoli, ilm-fan va maʼrifat oʻchogʻi boʻlgan Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb eʼlon qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun Sizlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Maʼlumki, qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va Gʻarbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan.

Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur oʻrganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifadir.

Bugungi sammitimizning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, koʻp ming yillik tariximiz davomida turkiy oilamiz mana shunday toʻliq shaklda, yangilangan tashkilotimiz doirasida yigʻilib turibdi.

Hech shubhasiz, “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida barchamiz birgalikda mutlaqo yangi yuksalish bosqichiga qadam qoʻymoqdamiz.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugungi kunda barchamiz keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari bilan bogʻliq murakkab sinovlarni boshimizdan kechirmoqdamiz.

Shu sababli hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi boʻyicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishi nihoyatda muhimdir.

Biz har qanday qiyinchiliklarni doʻstlik, hamkorlik va bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash orqali yengib oʻtishga qodirmiz.

Soʻnggi bir yil davomida Tashkilotimizga Turkiyaning raisligi chogʻida turli yoʻnalishlar boʻyicha ancha ishlar amalga oshirilgani, oʻzaro hamkorligimiz yanada faollashganini alohida eʼtirof etmoqchiman.

Oʻzbekiston ham oʻz raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan “Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi”ni samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani oʻz ichiga olgan Tashkilotimiz nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak boʻlgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yuksak pogʻonaga olib chiqish niyatidamiz.

 

Hurmatli hamkasblar!

Biz sammitga tayyorgarlik koʻrish jarayonida Tashkilotimiz faoliyatini chuqur tahlil qildik.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilinganini eʼtirof etish lozim.

Shu bilan birga, hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlarimiz toʻliq ishga solinmayotgani ham, ayni haqiqatdir.

Avvalo, hamkorligimizning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlashimiz maqsadga muvofiq.

Mamlakatlarimizning oʻzaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi.

Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi.

Bundan tashqari, davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari yuqori boʻlib qolmoqda.

Bu strategik yoʻnalishda vaziyatni tubdan oʻzgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlash uchun Tashkilotimiz doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari suramiz.

Ana shu rejamizga erishish uchun Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni oʻtkazishni taklif etaman.

Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qoʻshma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va koʻrgazmalarni oʻtkazish katta amaliy natija beradi.

Ushbu tadbirlar yakunlari boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yoʻl xaritalari”ni qabul qilishimiz muhim boʻladi.

Bu ishlarimiz, eng avvalo, oʻzaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qoʻshilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.

Shu oʻrinda, biz Qoʻshma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

Kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish.

Jumladan, biz Transkaspiy xalqaro koridori haqida koʻp gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak.

Misol uchun: Oʻzbekiston ushbu transport yoʻlagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda.

Biz transport va tranzit salohiyatimizni toʻla ishga solish uchun nimalar qilishimiz kerak, qanday qoʻshimcha choralar koʻrish kerak, ularni qaysi muddatda va kimlar amalga oshiradi, degan savollarga javob topishimiz lozim.

Bu borada bugun qabul qilinayotgan Dastur asosida transport vazirlarimiz tomonidan yil oxiriga qadar qoʻshma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Asosiy eʼtiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratmogʻimiz kerak.

Shu oʻrinda, Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida yaqinda joriy etilgan avtotransport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qoʻshilishga chaqiramiz.

Bu yil Toshkentda oʻtkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida nihoyatda katta salohiyatimiz borligini yaqqol koʻrsatdi.

Tashkilotimizning nafaqat oʻz mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkoniyati bor.

Shu bilan birga, bu yoʻnalishda amaliy qadamlarimizni yanada kuchaytirishimiz va aniq loyihalar asosida hamkorligimizni chuqurlashtirishimiz lozim.

Xususan, quyidagilarni taklif etaman.

Birinchidan, global va ichki bozorlarimiz ehtiyojlari, davlatlarimizning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish boʻyicha Tashkilotimiz doirasida koʻp tomonlama bitim qabul qilish vaqti keldi.

Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilgʻor texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti oʻrtasida keng qamrovli sheriklikni oʻrnatish muhim.

Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam oʻtkazib borish va uning ikkinchi anjumanida «Smart» qishloq xoʻjaligi xalqaro koʻrgazmasini tashkil etish.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Oʻzbekiston taklifi bilan 2022-yil Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilingan edi.

Uning doirasida Buxoro shahri Turkiy dunyo yoshlar poytaxti maqomiga ega boʻldi.

Yosh avlodni har tomonlama ragʻbatlantirish, ularning isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlarimizni izchil davom ettirish niyatidamiz.

Kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini oʻtkazishni taklif etaman.

Uning doirasida innovatsiya va taʼlim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli oʻgʻil-qizlarimiz, Tashkilotimiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etishni koʻzda tutmoqdamiz.

Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni taʼminlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish ayni muddao boʻlar edi.

Yana bir ustuvor yoʻnalish – mintaqamizda xavfsizlikni ishonchli taʼminlashdir.

Soʻnggi paytlarda jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham taʼsir oʻtkazayapti.

Bunday murakkab vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada boʻlishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim.

Shu bilan birga, Tashkilotimiz davlatlari Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda tashkil etishga tayyorligimizni bildiramiz.

Eʼtiboringizni yana bir dolzarb masalaga qaratmoqchiman.

Bugungi kunda yon qoʻshnimiz Afgʻonistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi.

Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga oʻzgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak.

Afgʻon masalasi boʻyicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam oʻtkazib borish tarafdorimiz.

 

Qadrli doʻstlar!

Men bugun Oʻzbekistonning Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlganini eʼlon qilishdan mamnunman.

Oʻzining 30 yilligini nishonlayotgan tashkilot doirasida kelgusi yili Turkiy xalqlar madaniyati festivalini oʻtkazish taklifini toʻliq maʼqullaymiz.

Biz yaqinda Tashkilotimizga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” toʻplamini oʻzbek tilida nashr qildik.

Ushbu bebaho maʼnaviy xazinani barcha aʼzo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni oʻzaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan boʻlar edik.

Yigʻilishimiz doirasida turkiy dunyo birligini mustahkamlashga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot birinchi marta tantanali ravishda topshirilishi barchamizni cheksiz quvontiradi.

Mazkur mukofotni har yili berib borish toʻgʻrisidagi taklifimizni qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb ishonamiz.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi sifat bosqichiga koʻtarish, uning nufuzini yanada oshirish, hamkorligimiz salohiyatini toʻliq ishlatish, qabul qilinayotgan qarorlarimiz va kelishuvlarimiz ijrosini taʼminlash eng dolzarb vazifamizdir.

Tashkilotimiz doirasida juda koʻp tuzilmalar va turli mexanizmlar tashkil etilgan boʻlib, koʻplab vazirlar darajasida yigʻilishlar, boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Lekin, ochiq tan olishimiz kerak, bularni tizimli muvofiqlashtirish va natijadorligini taʼminlash borasida hali ancha ish qilishimiz kerak.

Tashkilotimiz kelgusida mutlaqo yangi, samarali tizim asosida ishlashi uchun umumiy saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur, deb oʻylayman.

Shu maqsadda, Tashkilotda institutsional islohotlar oʻtkazishni taklif etamiz.

Bunda, eng avvalo, ustuvor yoʻnalishlarimiz boʻlgan siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, transport, qishloq xoʻjaligi, energetika, axborot texnologiyalari, turizm, innovatsiya va taʼlim, tibbiyot, yoshlar va boshqa sohalar boʻyicha vazirlar darajasida alohida qoʻmitalar tuzishni taklif qilaman.

Ularning faoliyatiga ekspert va olimlarni, jamoatchilik va xususiy sektor vakillarini faol jalb etilishi katta samara berishi shubhasiz.

Bundan tashqari, Tashkilotimiz Kotibiyatining oʻrni va taʼsirini keskin oshirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

U har bir yoʻnalish boʻyicha ishni samarali tashkil qilishi, koʻp tomonlama sermahsul hamkorligimizning taʼsirchan kuchiga aylanishi kerak.

Bugun bu yerda bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, Kotibiyatning yangi tuzilmasini kelgusi sammitimizda tasdiqlaymiz, deb ishonaman.

Yana bitta masala – bu davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan barcha qaror va hujjatlarning qatʼiy nazorat tizimini kuchaytirish bilan bogʻliq.

Bu jarayonga Tashkilotimiz oqsoqollar kengashini jalb etib, ularning boy tajriba va malakasidan unumli foydalanishimiz kerak, deb hisoblayman.

 

Hurmatli doʻstlar!

Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulugʻ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor.

Va men ishonaman, Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda.

Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bagʻrikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz.

Koʻhna Samarqand shahridagi sammitimiz esa, turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi.

Bugun ana shunday ezgu gʻoyani oʻzida ifoda etgan Samarqand deklaratsiyasi ham qabul qilinadi.

Shuningdek, tashkilotimiz doirasida 2023-yilni Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili, deb eʼlon qilish taklifimizni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur bildiraman.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimiz nomidan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga va doʻst Qozogʻiston xalqiga yaqinda boʻladigan muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtishini tilaymiz.

Ishonamizki, donishmand qozoq eli oʻz mamlakatining tinchligi va taraqqiyoti, olib borilayotgan muhim islohotlarning bardavomligi uchun ovoz beradi.

Soʻzimning yakunida Tashkilotimiz Bosh kotibi sifatida oʻz faoliyatini yakunlayotgan Bagʻdod Amreyev janoblariga ham alohida minnatdorchilik izhor etaman.

Kelgusi ishlaringizda Sizga yutuq va omad yor boʻlsin.

Yangi Bosh kotib, tajribali diplomat Kubanichbek Omuraliyev janoblarini lavozimga kirishayotgani bilan ham chin dildan muborakbod etaman.

Sizga masʼuliyatli faoliyatingizda katta zafarlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер