Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi

06:50 24 Sentyabr 2025 Siyosat
56 0

Hurmatli rais xonimlari!

Hurmatli Bosh kotib janoblari!

Delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasi bilan sizlarni qutlashdan mamnunman.

Bugungi yigʻilishimiz shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab global vaziyatda oʻtmoqda. Bu esa Tashkilotimiz faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlamoqda.

Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.

Biz Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining eng ogʻir va oʻtkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun Tashkilotimizni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuksak baholaymiz.

Bu borada “BMT – 80” tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz, Kelajak uchun paktga qatʼiy sodiqligimizni tasdiqlaymiz.

Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz.

Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Bunga, avvalo, taʼlim va ilm-fan sohasini oʻzgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish oʻrinlari yaratish orqali erishmoqdamiz.

Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, yoshlarimizning oliy taʼlim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Eng asosiysi – oʻqituvchi va ustozlik kasbining obroʻsi va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz.

Pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazishni taklif etamiz.

Shuningdek, mamlakatimizda ilgʻor sogʻliqni saqlash tizimini yaratmoqdamiz. Ertaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida bizning tashabbusimiz bilan bolalar saratoni va boshqa ogʻir kasalliklarga qarshi kurashga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbir oʻtkaziladi. Unga barcha xorijiy hamkorlarimizni taklif etamiz.

Yana bir muhim yoʻnalish – gender siyosati. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Keng mintaqamiz miqyosida esa Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam oʻtkazib borish tarafdorimiz.

Yana bir bor taʼkidlamoqchiman: biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida olgan majburiyatlarimizga sodiqmiz. 2030-yilga borib “daromadi oʻrtadan yuqori” boʻlgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilganmiz.

Shu maqsadda ochiq va pragmatik siyosatimizni izchil davom ettiramiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bundan 8-yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik.

Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi.

Soʻnggi yillarda mintaqamizda oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaydi. Biz qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalarini tashkil qilyapmiz, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yoʻlida samarali mexanizmga aylanganini ham umumiy yutugʻimiz sifatida eʼtirof etamiz.

Shuni qatʼiy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi.

Mintaqamiz oʻzining hamjihatligi, barqarorligi, oʻziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda.

Maqsadlarimizga erishish uchun barcha xorijiy sheriklarimiz bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga asosiy eʼtibor qaratamiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni taklif etamiz.

Jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish boʻyicha dasturlarni qabul qilish tashabbuslari bilan chiqamiz.

Shu bilan birga, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Global va mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta Afgʻoniston toʻgʻrisida toʻxtalmaslik mumkin emas.

Afgʻon xalqining tinch va osuda hayotga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik oʻta muhimdir.

Biz Afgʻonistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish boʻyicha Tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz.

Gʻazo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Harbiy harakatlarni toʻxtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz. Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qatʼiy tarafdorimiz.

Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yoʻllar bilan hal etish boʻyicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari boʻyicha Mintaqaviy Kengash tuzilgan. Biz uni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirishni taklif etamiz.

Bu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish boʻyicha tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyormiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bugungi tahdidlarga toʻla dunyoda global transport tizimi naqadar zaif ekanligiga amin boʻlyapmiz. Bu muammolar, birinchi navbatda, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish oʻta muhimdir. Bu borada “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, tobora oʻtkir tus olayotgan iqlim oʻzgarishi muammolariga ham alohida toʻxtalmoqchiman. Jumladan, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi lozim. Biz Orolboʻyi ekotizimini qayta tiklash boʻyicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz.

Soʻnggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.

Yana bir muhim muammo – bu suv resurslarining taqchilligidir. Hozirda dunyo aholisining ikki milliarddan ortigʻi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Biz mamlakatimizda Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur anjuman yakunlari boʻyicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash moʻljallanmoqda. Bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish niyatidamiz.

Ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Mamlakatlar oʻrtasida raqamli rivojlanish va sunʼiy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ahamiyatga ega.

Sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellektning amaliy yechimlari va modellarini begʻaraz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif etamiz.

Yana bir ustuvor masalaga alohida toʻxtalmoqchiman.

Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʻsib kelayotgan yosh avlod qoʻlida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi olijanob gʻoyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir.

Bu borada “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifini ilgari suramiz. Biz jamiyatimizdagi bagʻrikenglik siyosatini izchil amalga oshirmoqdamiz.

Shu bilan birga, islom maʼrifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni faol davom ettiramiz. Yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazini ochamiz.

Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy maʼnaviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻtkazish niyatidamiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Yangi Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshishga doim tayyormiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер