Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kubogi uchun shaxmat-shashka turniri oʻtkazildi

17:31 24 Iyun 2023 Jamiyat
888 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida ommaviy sportni rivojlantirish, mehnat jamoalari va hududlar oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish belgilangan.

Farmon ijrosini taʼminlash hamda sportni yanada kengroq targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston notariuslari oʻrtasida sport musobaqalari muntazam oʻtkazilib kelinmoqda. Shu yil fevral oyida notariuslar oʻrtasida minifutbol turniri yuksak saviyada oʻtkazilgan edi.

May oyida esa Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining kubogi uchun shaxmat-shashka turniriga start berilib, mamlakatimizning barcha hududlarida musobaqalarning ilk bosqichi oʻtkazildi.

Bugun Toshkent shahridagi “Xalqaro shaxmat akademiyasi”da turnirning respublika bosqichi oʻtkazildi.

— Notariuslar oʻrtasida shaxmat boʻyicha musobaqa juda qizgʻin kechdi, baʼzi viloyatlar, jumladan, Fargʻona, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari vakillari oʻrtasidagi bahslar professional shaxmatchilarnikidan qolishmadi, — deydi Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi oʻrinbosari Jamshid Raxmonov. — Oʻylaymizki, notariuslar bilan oʻzaro muloqot juda foydali boʻldi. Qolaversa, aql gimnastikasi deb tan olingan shaxmatni oʻynash har qanday kasb egasini chiniqtiradi.

— Shunday sport musobaqalarini tashkil etgani uchun Notarial palata rahbariyatidan minnatdormiz, — deydi Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Aruxan Ametova. — Rosti, turnirda ishtirok etganimdan juda  xursandman. Albatta, bu bellashuvlarda faxrli 3-oʻrinni egallash ham oson boʻlmadi.  

Turnirning yakuniy bosqichida jami 28 nafar havaskor shaxmat va shashkachi ishtirok etdi. Shaxmat boʻyicha erkaklar, shashka boʻyicha ayollar oʻzaro bahslashdi.

Toʻrt soat davom etgan turnir qizgʻin bahslarga boy kechdi. Musobaqa yakunida shaxmat boʻyicha faxrli 1-oʻrin Fargʻona shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Davronbek Adhamovga, shashka boʻyicha 1-oʻrin Namangan shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Saodatxon Qoʻziyevaga nasib qildi.

Shaxmat boʻyicha 2-oʻrinni Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Alisher Abdinazarov, shashka boʻyicha 2-oʻrinni Xiva tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Gavharjon Saʼdullayeva egalladi.

Tadbir yakunida gʻoliblarga Notarial palataning diplomlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?