Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi amalda

17:46 30 Sentyabr 2020 Siyosat
28593 0

Taʼlim sohasini isloh qilish bugun hukumatimiz diqqat eʼtiborida turgan dolzarb sohalardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim tizimini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qarorlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda.

Maktabgacha taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich toʻliq qamrab olishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Farmoni bilan Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 14 mingdan ortiq maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda. 2019-yilda Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimga bolalar qamrovini 52 foizga yetkazdi. 2020-yilda bu koʻrsatkich 59,5 foiz boʻlishi kutilmoqda, shuningdek, 85,2 foiz 6 yoshli bolalarni majburiy 1 yillik taʼlim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Maʼlumki, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilmasdan avval tizimda zamonaviy dasturlar joriy etilmagan, bolalarni maktabga tayyorlash boʻyicha muqobil, moslashuvchan modellar yetarli darajada rivojlanmagan. Taraqqiy etgan mamlakatlardagi kabi bolalarni ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish, atrof-muhit bilan tanishuvga yoʻnaltirilgan maxsus davlat taʼlim dasturlari tatbiq qilinmagan edi. Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning aksariyati oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlib, bolalarni maktab taʼlimiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermas edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori misolida koʻrsak, mazkur konsepsiya maktabgacha taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha taʼlimdan teng foydalanishini taʼminlash, maktabgacha taʼlim xizmatlarini rivojlantirish, bir soʻz bilan aytganda, maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli vazifalarini qamrab olgan boʻlib, jarayonning ustuvorliklari va bosqichlarini belgilab beradi.

Konsepsiya tasdiqlangandan soʻng oʻtgan bir yildan ortiq vaqt mobaynida maktabgacha taʼlim tizimida yangi Qonun qabul qilindi, yangi loyihalar, islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, 2019-yilda “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonunda maktabgacha taʼlim va tarbiyaning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosati yoʻnalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, egaligida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilangan.

Qayd etilgan Konsepsiyada 2030-yilgacha 3-7 yoshdagi bolalarning 80,8 foizini maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishining taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Xususan, 2020-yilda yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, bir paytlar bogʻcha boʻlgan binolarni qayta Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga qaytarish, maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2020-yilgi dasturlarga muvofiq 18 ta obyekt qurib bitkazilishi, 129 ta boʻsh inshoot foydalanishga topshirilishi va 261 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti taʼmirlanishi rejalashtirilgan. Bu esa qoʻshimcha yangi 32,7 ming oʻrinlarni yaratadi.

Maktabgacha taʼlimda xususiy sektorni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu tariqa, 2018-2019-yillarda Maktabgacha taʼlim vazirligi umumiy qiymati 3,89 trln. soʻmga teng Davlat-xususiy sheriklik haqidagi shartnomalarni imzoladi (ulardan 1,1 trln. soʻmi tadbirkorlar hisobidan ajratilgan boʻlsa, 2,8 trln. soʻmi - imtiyozli kreditlar hisobiga toʻgʻri keldi). Foydalanishga topshirilishi kutilayotgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari quvvati 147,9 ming oʻringa teng. 2020-yilda yana 2 mingta oilaviy va 420 ta davlat-xususiy sheriklik doirasidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari ochilishi rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun pedagog va boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va salohiyatini oshirish borasida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish ham Konsepsiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Mazkur tizimda innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini kompyuterlar bilan taʼminlash, internet tarmogʻiga ulanishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Maktabgacha taʼlimda tarbiya samaradorligini oshirish yuzasidan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yana-da takomillashtirish mavzusida tuman (shahar) Maktabgacha taʼlim boʻlimlari tomonidan oʻquv-seminarlar, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlarda “OPEN EMIS” tizimidagi xato kamchiliklarni tuzatish boʻyicha amaliy koʻnikmalar berilmoqda.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash
masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?