Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining 12-yigʻilishida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari ishtirok etdi

15:08 12 Dekabr 2022 Siyosat
786 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2022-yil 11-dekabr kuni Ashxobod shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov boshchiligidagi delegatsiya BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlarining 12-yigʻilishida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Aybek Moldogaziyev, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Muzaffar Xusainzoda, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vepa Xadjiyev, Qozogʻiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi departamenti boshligʻi Didar Temenov, MOPDMM rahbari Natalya German hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyodagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, mintaqadagi xavfsizlikka oid asosiy chaqiriqlar va tahdidlar, MOPDMMning joriy yildagi faoliyati natijalari, shuningdek, 2023-yilga moʻljallangan rejalar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz nutqida tashqi siyosatning muhim yoʻnalishlari va davlatimiz rahbarining muhim tashabbuslari haqida tadbir ishtirokchilariga batafsil maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik va mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil ilgari surmoqda.

Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonning Orolboʻyida ekologik halokatning oldini olish va “yashil” kun tartibini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara guruhini shakllantirish haqidagi tashabbusiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilariga Afgʻonistonning yangi hukumatiga nisbatan mamlakatlar pozitsiyalarini yaqinlashtirishga, ushbu davlatni tinch taraqqiyot yoʻlida oʻzaro manfaatli kelishuvga erishish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladigan tashabbusning asosiy mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?