Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga tabrik yoʻlladi

19:33 12 Dekabr 2020 Siyosat
3376 0

Muhtaram vatandoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar!

Qadrli agroklaster egalari!

Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ijozat etgaysiz.

Ushbu qutlugʻ ayyomda rizq-roʻzimiz bunyodkorlari – mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, sohaning jonkuyar olimlari va mutaxassislarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan taʼzim qilamiz.

Dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini toʻkin va farovon etadigan gʻoyat muhim sohaning zalvorli yukini oʻz yelkasida koʻtarib kelayotgan sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir.

Buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy sizlarning shaʼningizni ulugʻlab: “Olam maʼmurligʻi alardin, olam ahli masrurligʻi alardin. Har qayon qilsalar harakat, elga ham qut yetkurur, ham barakat”, deb aytgan soʻzlarida chindan ham teran haqiqat mujassam.

Shu xursandchilik kunlarda barchamiz sizlarni bayram bilan muborakbod etar ekanmiz, bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida fikr yuritishimiz tabiiy, albatta.

Hammamizga yaxshi ayon, bu yil butun insoniyat uchun jiddiy sinov davri boʻldi. Shunday qiyin sharoitda el-yurtimiz, xususan, zahmatkash dehqon va fermerlarimiz koronavirus pandemiyasi bilan bir qatorda, ayrim hududlarimizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarni ham mardonavor yengib, yuksak marralarni qoʻlga kiritganini minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida 19 ming gektardan ziyod maydondagi paxta, gʻalla va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini qayta ekishga toʻgʻri keldi. Buxoro viloyatidagi kuchli dovul oqibatida 26 ming gektar maydonda paxta va gʻalla nihollariga zarar yetdi.

Albatta, qishloq xoʻjaligi sohasida oson va yengil yilning oʻzi boʻlmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajribani talab etadi. Xalqimiz sizlarning ana shunday ibratli fazilatlaringizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Joriy yilda yurtimizda olti yarim million tonnaga yaqin gʻalla, 3 million tonnadan ziyod paxta, 21 ming tonna pilla, 22 million tonna meva-sabzavot, ikki yarim million tonna goʻsht va 11 million tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani avvalo sizlarning mashaqqatli va halol mehnatingiz samarasidir.

Bu haqda gapirganda, gʻalladan yuqori hosildorlikka erishgan Yozyovon tumanidagi “Bahrombek”, Termiz tumanidagi “Davron Namuna”, Gʻijduvon tumanidagi “Sodiq Zafar saxovati”, Yangibozor tumanidagi “Joʻrabek Qumobod”, Baliqchi tumanidagi “Xolmirza Boltaboyev”, Sayxunobod tumanidagi “Qurama”, Narpay tumanidagi “Azamat Siroj”, Nukus tumanidagi “Shoʻrtanbay-baxtli-el”, Qiziltepa tumanidagi “Ulugʻdiyor kelajagi”, Uychi tumanidagi “Zamin”, Paxtakor tumanidagi “Safarov Bahrom” fermer xoʻjaliklari hamda Pop va Mingbuloq tumanlaridagi “Art soft teks”, Rishton tumanidagi “Qahramon”, Doʻstlik tumanidagi “Sangzor biznes parranda”, Navbahor tumanidagi “Navoiy asl chorvasi” va Qorovulbozor tumanidagi “Ochil fayz biznes” gʻallachilik klasterlarining nomlarini mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.

Paxtadan moʻl hosil yetishtirishda Uchkoʻprik tumanidagi “Mirjalol Guliston durdonasi”, Qiziltepa tumanidagi “Safar obod bogʻi”, Gʻuzor tumanidagi “Jahongir Norboy oʻgʻli”, Bogʻot tumanidagi “Xolmurod oʻgʻli Mansur”, Namangan tumanidagi “Gʻofurjon ota”, Narpay tumanidagi “Abdusalom Xoʻshmatov”, Buloqboshi tumanidagi “Zoirjon Nizomov”, Romitan tumanidagi “Navobod”, Sirdaryo tumanidagi “Xudoyqul oʻgʻli Sulaymon”, Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Olloberdi Murod” fermer xoʻjaliklari, shuningdek, Quyichirchiq tumanidagi “TST klaster”, Namangan tumanidagi “Toshbuloq teks”, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Termez Jayxun klaster”, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Xanteks grupp” va Xazorasp tumanidagi “Xazorasp teks” kabi paxta-toʻqimachilik klasterlari barchaga namuna boʻldilar.

Fursatdan foydalanib, boy bilim va tajribasi, omilkorlik xislatlarini namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qoʻllash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz doʻstlar!

Barchangiz guvoh boʻlib turibsiz, bugungi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi oʻrni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol koʻrsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, sohada yangi ish oʻrinlari yaratish, manfaatdorlikni yana-da oshirish, ilgʻor yondashuvlarni joriy etish
eng muhim masalaga aylanmoqda.

Shuning uchun biz iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, fermer, klaster hamda kooperatsiyalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasiga har doimgidan ham koʻproq ahamiyat bermoqdamiz. Xususan, bu yil qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining 5 ta qonuni, Prezidentning 12 ta farmoni va 30 dan ortiq qarori hamda hukumatning koʻplab qarorlari ayni shu yoʻnalishga qaratilgandir.

Qishloq xoʻjaligi tarmogʻiga bozor mexanizmlari, jumladan, agroklaster tizimining joriy etilgani qisqa fursatda oʻzining ijobiy samarasini berayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 97 ta paxta-toʻqimachilik, 149 ta meva-sabzavotchilik, 65 ta gʻallachilik, 35 ta sholichilik va 7 ta dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ixtisoslashgan klasterlar va 11 ta paxta-toʻqimachilik kooperatsiyalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, qoramolchilik yoʻnalishida 34 ta, parrandachilik boʻyicha 10 ta, baliqchilik tarmogʻida 36 ta, asalarichilik yoʻnalishida 15 ta fermer xoʻjaligida klaster usulida mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, keyingi ikki yilda respublikada pillachilik sohasida 62 ta klaster ishga tushirilib, ular tomonidan 600 milliard soʻmga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi.

Joriy yilning oʻtgan davrida respublika boʻyicha 11 mingga yaqin, yaʼni 90 foiz fermer xoʻjaliklari koʻp tarmoqli xoʻjaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 37 ming aholi ish bilan taʼminlandi.

Xabaringiz bor, biz soʻnggi yillarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish boʻyicha qator qarorlar qabul qildik. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy organlari, mahalla fuqarolar yigʻinlarida tomorqa xoʻjaliklari boʻyicha alohida oʻrinbosar lavozimi joriy etildi. Shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari samaradorligini oshirishga qaratilayotgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida bu yil respublika boʻyicha toʻrt yarim million aholiga tegishli 432 ming gektar tomorqa maydonlarida ekinlar toʻliq ekilishi taʼminlandi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu maydonlarda 10 million tonnadan ziyod mahsulot yetishtirildi.

Davlat tomonidan shaxsiy tomorqa egalariga artezian quduqlari qazish hamda ixcham issiqxonalar qurish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilayotgani ham aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yana bir oʻziga xos yoʻnalishiga aylandi. Ushbu ezgu maqsadlar uchun Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamgʻarmadan 65 yarim milliard soʻm, tomorqa xizmati korxonalari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari va fermerlarni qoʻllab-quvvatlash uchun esa 110 milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi.

Bundan tashqari, “Har bir yoshga – bir gektar” dasturi doirasida gʻalladan boʻshagan maydonlarning 84 ming gektari 266 mingta kam taʼminlangan oilalar va ishsiz yoshlarga berilib, ularga fermer xoʻjaliklari va tomorqa xizmati korxonalari biriktirildi. Ushbu dastur natijasida 1 million tonnadan ziyod mahsulot yetishtirildi.

Amalga oshirilgan ana shunday islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlar natijasida bu yil, jahonda yuz berayotgan pandemiyaning salbiy taʼsiriga qaramasdan, 822 million dollardan ziyod miqdordagi qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot 70 dan ortiq davlatga eksport qilindi.

Albatta, bugun hech bir sohada ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotda qoʻllamasdan turib taraqqiyotga erishib boʻlmaydi. Bu esa keng va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish kabi dolzarb vazifalarni oldimizga qoʻymoqda.

Shu maqsadda agrar sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlarida taʼlim sifatini tubdan oshirish, taraqqiy etgan davlatlarning nufuzli taʼlim dargohlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, urugʻchilik, naslchilik va veterinariya yoʻnalishidagi ilmiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

2020-2021 oʻquv yilidan boshlab mavjud qishloq xoʻjaligi oliygohlari bilan bir qatorda, Guliston, Buxoro, Qarshi, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Urganch davlat universitetlarida agrar soha mutaxassislarini tayyorlash uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalari ajratildi.

Sohadagi ilgʻor tajribalarga tayangan holda, hududlarda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari tashkil etilib, shoʻrlanish, suv, shamol eroziyasi, ozuqa elementlari kamayishining oldini olish, tuproq unumdorligi va mahsuldorligini oshirish borasida fermer xoʻjaliklari va klasterlariga zarur xizmatlar koʻrsatmoqda.

Shu oʻrinda paxta maydonlari hamda bogʻ, uzumzor va issiqxona xoʻjaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilayotganini alohida qayd etish lozim.

Joriy yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga yoʻnaltirilgan 677 milliard soʻmlik 80 ga yaqin loyiha, 1 trillion 240 milliard soʻmlik investitsiya mablagʻlari asosida 12 ta agrologistika markazi ishga tushirilib, qariyb uch yarim ming yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, paxtachilik klasterlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik tarmoqlarida hamda zamonaviy issiqxonalarning barpo etilishi natijasida 14 mingga yaqin aholi ish bilan taʼminlandi.

Ayni paytda chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, zotdor chorva mollarini koʻpaytirish, ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, ushbu sohaga davlat tomonidan subsidiyalar ajratib berish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻtgan davrda chorvachilik xoʻjaliklariga ushbu maqsadlar uchun
20 milliard soʻmga yaqin subsidiyalar ajratildi.

 

Aziz doʻstlar!

Dunyoda global oziq-ovqat yetishmovchiligi xavfi yuzaga kelayotgan bugungi vaziyatda bizda ichki bozorimizni toʻliq taʼminlash bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni koʻpaytirish uchun barcha sharoitlar mavjud ekanini alohida taʼkidlamoqchiman.

Kelgusida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish boʻyicha kompleks dasturlarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda mahsulot turlari va eksport hajmini yana-da oshirish ustuvor masala boʻlib qoladi.

Tuproq unumdorligini saqlash, sohani zarur texnikalar bilan taʼminlash va xizmat koʻrsatish ishlarini yaxshilash, ilgʻor bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash faoliyatini takomillashtirishga eʼtiborni yana-da kuchaytiramiz.

Sohaga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bundan buyon ham ustuvor vazifalarimizdan boʻlib qoladi.

Mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, el-yurtimiz dasturxonini yana-da farovon qilishda fidoyi qishloq xoʻjaligi xodimlari bundan keyin ham oʻzlarining bor bilim va tajribalarini, kuch-gʻayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb qatʼiy ishonaman.

Muhtaram dehqon va fermerlar, aziz suvchilar va paxta-toʻqimachilik klasterlari xodimlari!

Sizlarni yana bir bor Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan – mehnat va hosil bayrami bilan chin dildan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor boʻlishini tilayman.

 

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?