Oʻzbekiston – Qirgʻiziston chegarasini delimitatsiya qilish boʻyicha muzokaralar faollashtiriladi
Koʻksaroyda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining tor doiradagi muzokarasi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor tabriklab, qirgʻiz xalqining farovonligi yoʻlida olib borayotgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Ochiq va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda davlat rahbarlari Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holatini yuqori baholadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va transport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning keng koʻlamli masalalarini muhokama qildi.
Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida mustahkamlab borish, avval qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish yoʻlida qatʼiy ekanini tasdiqladi. Barcha sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
2017-yil 5-sentyabrda imzolangan Oʻzbekiston – Qirgʻiziston davlat chegarasi toʻgʻrisida shartnomaning tarixiy ahamiyati qayd etilib, mazkur chegaraning qolgan qismlarini ham delimitatsiya qilish maqsadida Hukumatlararo komissiyaga muzokaralarni faollashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Muloqotda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Koʻplab masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyasi bir xil ekani namoyon boʻldi.
Qirgʻiziston Prezidenti Oʻzbekistonning mintaqada hamkorlik va integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar ushbu formatdagi uchinchi uchrashuvni 2021-yilda oʻtkazish muhimligini qayd etdilar.
Markaziy Osiyoga tegishli barcha masalalar mintaqa davlatlarining oʻzi tomonidan, oʻzaro foyda va manfaatlarni hurmat qilish tamoyili asosida hal etilishi muhimligi taʼkidlandi.
Xalqaro maydonda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha ham yakdil fikr bildirildi.
Sadir Japarov Qirgʻiziston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan iliq mehmondoʻstlik va samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirib, davlatimiz rahbarini Qirgʻiz Respublikasiga tashrif buyurishga taklif qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring