Oʻzbekiston Prezidenti yangi Arqadagʻ shahri rasman ochilgani munosabati bilan Gurbanguli Berdimuhamedovni qutladi

16:43 29 Iyun 2023 Siyosat
985 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Uning bugungi Turkmanistonni rivojlantirish, mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan salmoqli hissasi alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari Qurbon hayiti bilan bir-birini dildan tabrikladilar. Oʻzbekiston Prezidenti yangi Arqadagʻ shahri rasman ochilgani munosabati bilan ham Gurbanguli Berdimuhamedovni qutladi.

Telefon muloqoti chogʻida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo, investitsiyalar, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va transport sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Barcha darajalarda samarali muloqotlar, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani taʼkidlandi.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?