Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Prezidentini samimiy kuzatib qoʻydi

20:30 28 May 2024 Siyosat
320 0

Samarali Oʻzbekiston-Rossiya sammiti yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida qator qoʻshma tadbirlar boʻlib oʻtdi.

26-may kuni davlat rahbarlari birgalikda “Yangi Oʻzbekiston” majmuasiga tashrif buyurdi, Rossiya rahbari Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qoʻydi.

27-may kuni tor va kengaytirilgan tarkibda oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtdi, ular davomida Prezidentlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildilar, delegatsiyalar aʼzolarining asosiy yoʻnalishlar boʻyicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti imzolandi, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar almashildi.

Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Vladimir Putin Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qoʻydi va Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaga qoʻshgan hissasi haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdi.

Oʻsha kuni Prezidentlar raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi, unda hududlararo muloqotni yanada mustahkamlash va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Toshkent xalqaro aeroportida Prezident Vladimir Putinni Prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qoʻydi. Davlat rahbarlari samimiy xayrlashdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?