Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

17:17 28 Iyul 2022 Siyosat
555 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni SHHTga aʼzo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotining boʻlajak Samarqand sammiti kun tartibi koʻrib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Xitoy tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Xitoy tomoni tobora yuqori surʼat bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholayotgani qayd etildi. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgani taʼkidlandi.

Aytish joizki, Xitoy anʼanaviy ravishda mamlakatimizning yetakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yil yakunida tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari 10 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.

Xitoy kompaniyalari va bank institutlari ishtirokida sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimiz yetakchisi oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, kambagʻallikka qarshi kurashish, qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini eksport qilish, innovatsiyalarni joriy etish, muqobil energetika, “bulutli” texnologiyalar, IT kabi va boshqa yoʻnalishlarda tubdan kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi.

Gumanitar, shu jumladan taʼlim va sogʻliqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini tashkil etish borasidagi almashinuv dasturini ilgari surishga muhim eʼtibor qaratildi.

Strategik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻllari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bilan bogʻliq masalalar alohida koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda Afgʻonistonning tinch taraqqiyoti va iqtisodiy tiklanishiga amaliy koʻmaklashish borasidagi oʻzaro saʼy-harakatlar qoʻllab-quvvatlandi. Xitoy delegatsiyasi kuni kecha shu masalalarga bagʻishlab oʻtkazilgan Toshkent konferensiyasining samarali natijalarini yuqori baholadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер