Oʻzbekiston Prezidenti Bishkekka keldi

17:33 26 Yanvar 2023 Siyosat
908 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Bishkek shahriga keldi.

Ikki mamlakatning davlat bayroqlari bilan bezatilgan “Manas” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi kutib oldi.

Bu yerda davlat rahbarlariga Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni tarannum etuvchi musiqiy-folklor chiqishlar namoyish etildi.

Soʻng Prezidentimiz Qirgʻiziston Bosh vaziri Akilbek Japarov hamrohligida “Ata-Beyit” milliy tarixiy-yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari 1916-yilgi fojiali voqealarning qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan «Urkun» yodgorligi poyiga gul qoʻydi.

Majmua 2000-yilda qirgʻiz davlatchiligining eng muhim bosqichlari haqidagi tarixiy xotirani tiklash va asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan. Qirgʻiz xalqining ulugʻ yozuvchisi Chingiz Aytmatov taklifi bilan yodgorlikka “Ata-Beyit” – “Otalar qabri” degan nom berilgan.

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari ertaga, 27-yanvar kuniga moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?