Oʻzbekiston Notarial palatasi: amaliyot, xalqaro tajriba va eʼtirof
22-yanvar kuni Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etilganiga 6-yil toʻldi. Xoʻsh, ushbu yillar mobaynida Palataning tashkil etilishi oʻzini oqladimi?
Avvalo, Palata aʼzolari soni sezilarli darajada oshdi. Tashkil etilgan dastlabki davrda 800 nafarga yaqin notariusni birlashtirgan Palata bugungi kunda 1123 nafar xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarni qamrab olmoqda. Barcha aʼzolarning toʻliq fuqarolik javobgarligi sugʻurtalangan.
Notariuslarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti orqali har uch yilda malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, sohadagi qonunchilik yangiliklari muntazam oʻrgatib borilmoqda.
Shuningdek, notariuslarning xorijda malaka oshirish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyildi. Shu davr mobaynida 200 nafarga yaqin notarius xalqaro konferensiya, seminar va kurslarda ishtirok etib, tajriba almashib qaytdi. 7 nafar notarius Xalqaro notariuslar ittifoqi universitetida tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega boʻldi.
Bugungi kunda 20 nafardan ortiq notarius yuridik fanlar boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) unvonini olgan, 10 nafardan ortiq notarius esa ilmiy daraja olish ustida izlanish olib bormoqda.
Palata tashkil etilgan ilk kunlardanoq xalqaro maydonga chiqish, notariat tizimini zamonaviy va ilgʻor tizimga aylantirish hamda mamlakat nufuzini oshirish yoʻlida izchil faoliyat olib bormoqda. Bu borada xalqaro yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar alohida eʼtirofga loyiq.

Xalqaro eʼtirof
2021-yil dekabrda Oʻzbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻldi, 2023-yil fevralda Palata raisi Dilshod Ashurov Xalqaro notariuslar ittifoqining Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi aʼzosi etib saylandi. 2023-yil iyulda esa u 2024-yil uchun Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari boʻyicha Kengashi prezidenti etib saylandi. Dilshod Ashurov 2023-yil noyabrda Xalqaro notariuslar ittifoqi Bosh Kengashi aʼzosi boʻldi, 2025-yil dekabrda esa Xalqaro notariuslar ittifoqi Boshqaruv qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlgan 75 ta davlat bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Germaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Braziliya, Turkiya, Qozogʻiston va boshqa qator davlatlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, Palata tashabbusi bilan Turkiy tilli davlatlar notarial palatalari tashkiloti tuzilib, oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. Xitoy Xalq Respublikasi bilan “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlik memorandumi qabul qilindi. Bu kelishuvlar ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va oʻzbek notariati tajribasini xalqaro miqyosda ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
2023–2025-yillarda Oʻzbekistonda xalqaro darajada 6 ta yirik konferensiya oʻtkazilib, qariyb 3 ming nafar xorijlik notarius mamlakatimizga tashrif buyurdi. Bu esa nafaqat notariat sohasi, balki turizm rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Oʻzbekiston notariuslari yuzdan ortiq xalqaro kongress, konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etib, ilgʻor tajribalarni oʻrgandi hamda sohani rivojlantirish boʻyicha qator takliflar kiritdi.

Qonunchilik yoʻnalishida soʻnggi yillarda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda notariat tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim qadamlar qoʻyildi. Natijada notarial xizmatlar sifati oshdi, qonuniylik mustahkamlandi va aholining notariuslar faoliyatiga boʻlgan ishonchi yuksaldi.
2020 – 2025-yillarda Palata tomonidan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan 750 ta taklif berildi. Ulardan 91 tasi kodekslarga, 196 tasi qonunlarga, 463 tasi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga taalluqlidir.
2024 va 2025-yillarda Shahrisabz va Namangan shaharlarida Oʻzbekiston notariuslarining I va II Milliy kongresslari oʻtkazilib, meros va koʻchmas mulk sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
2025-yil 9-sentyabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori notariat xizmatlarida yangi davrni ochdi.
Ushbu hujjatga koʻra, 2026-yil 1-martdan boshlab notariuslar nizosiz fuqarolik huquqiy talablar boʻyicha ijro yozuvlarini mustaqil rasmiylashtirish huquqiga ega, BHMning 1000 barobarigacha boʻlgan miqdoriga teng summalar uchun qarz va toʻlovlarni sudsiz talab qilish mumkin boʻladi. Bu notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talablar, garovga qoʻyilgan harakatlanuvchi mulk boʻyicha qarzlar (xatlar va bitim mavjud boʻlsa), ijara va kommunal toʻlovlar, koʻp qavatli uylar aholisi bilan bogʻliq toʻlovlar kabi talablarga tegishli. Bu orqali fuqarolar uzoq sud jarayonlaridan qochib, adolat tezroq tiklanishini taʼminlaydi. Shuningdek, notariuslar uchun xizmat muddati 65 yoshdan 70 yoshgacha uzaytirildi va xohlagan notarius malaka baholashdan soʻng 70 yoshgacha faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shuningdek, Prezidentimiz qarori bilan 2025-yil 1-dekabrdan boshlab nikoh shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarning originallari talab qilinmaydi — nusxalari “Notarius” tizimiga yuklanadi. Audio va videoyozuvlar avtomatik ravishda ish yuritishga biriktiriladi. 2026-yil 1-yanvardan fuqarolar notarial idoraga pasport yoki ID-kartani olib kelishlari shart emas; shaxs biometriya va hujjat rekvizitlari orqali aniqlanadi. 2026-yil 1-apreldan koʻchmas mulk bitimi roʻyxatga olinganidan soʻng yangi egasi haqidagi maʼlumot kommunal xizmatlar tizimiga avtomatik uzatiladi. Bunday oʻzgarishlar fuqarolar hayotini yengillashtiradi va huquqlarini yuqori darajada himoya qiladi.

Targʻibot va aholi bilan muloqot yoʻnalishida OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Telegram, Facebook, YouTube va Instagram orqali onlayn maslahatlar, jonli efirlar tashkil etilgan. Bugun ushbu platformalarda aholiga muntazam huquqiy maslahatlar berib borilmoqda va fuqarolarning huquqiy bilimi oshishiga koʻmaklashilmoqda. Palata qoshida tashkil etilgan “Faol notariuslar” guruhi tomonidan yuqoridagi Chat va sahifalarda oʻzbek va rus tillarida onlayn huquqiy tushuntirishlar berib borilmoqda. Notariuslar, shuningdek, “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida jonli efirda har kuni efirga chiqishlari tashkil etilgan boʻlib, aholi oʻzini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishi taʼminlangan.
2021-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Madad” NNT va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan 20 dan ziyod aksiyalarda ishtirokchilarga tarqatish va aholining huquqiy bilimini yuksaltirishga koʻmaklashish maqsadida hayotiy muhim savollarga mutaxassislar javoblarini oʻz ichiga olgan 6 ta “Savol bering – javob beramiz” deb nomlangan broshyura bosmadan chiqarildi. Kitobxonlar uchun ommabop “Notarius kundaligi” kitobi chop etildi.
2021-yildan Palata muassisi boʻlgan “Notarius maslahati” gazetasi chop etilmoqda.
Ijtimoiy tashabbuslar va aholi bilan ishlash tizimi ham takomillashtirildi. 5-yil davomida 18 966 ta murojaat qabul qilinib, ularning aksariyati boʻyicha ijobiy yechimlar topishga erishildi. Hozirda murojaatlar soni kamaygani tizim samaradorligidan dalolat beradi.
Notarial palata ijtimoiy loyihalarni tizimli amalga oshirib kelmoqda. Oxirgi yillarda yuzdan ortiq aksiyalar oʻtkazilib, minglab fuqarolarga bepul yuridik maslahatlar berildi. Mobil chiqishlar orqali aholiga masofadan bepul notarial qabullar tashkil qilindi.

Kadrlar tayyorlash yoʻnalishida mamlakatdagi barcha yuridik taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. “Boʻlajak notariuslar klubi” faoliyat yuritib, 2000 nafarga talaba notarial idoralarda amaliyot oʻtamoqda.
Oʻtgan yillar davomida Notarial palata faoliyati, Palata rahbariyati va xodimlari respublika darajasidagi bir quyidagi mukofotlar bilan taqdirlangan. Xususan, 2021-yilda palata “Eng namunaviy jamoat birlashmasi”, 2022-yilda esa “Eng faol NNT” deya eʼtirof etildi. 2023-yilda “Huquqni muhofaza qilish uchun mukofot” bilan taqdirlandi. 2024-yil palataning ikki nafar xodimi “Huquqiy targʻiboti aʼlochisi”, bir nafar xodimi “Adliya aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibi boʻldi. 2025-yilda yana bir bir xodim “Adliya aʼlochisi” koʻkrak nishoniga loyiq topildi.
Bu mukofotlar notariatning qonuniylik va fuqarolarga xizmatdagi ahamiyatini namoyon qiladi.
Oʻzbekiston Notarial palatasining 6-yillik faoliyati shuni koʻrsatadiki, qisqa vaqt ichida u zamonaviy, ochiq va samarali institut sifatida shakllanib, notariat tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Kadrlar salohiyatining oshishi, qonunchilikni takomillashtirishdagi faol ishtirok, xalqaro maydondagi nufuzli oʻrin, raqamlashtirish jarayonlarining jadal kechayotgani va aholi bilan samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgani buning yaqqol isbotidir.
Eng muhimi, notarial xizmatlar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay, tezkor va ishonchli boʻldi. Oldinda turgan vazifalar — raqamli notariatni toʻliq joriy etish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va huquqiy xizmatlar sifatini oshirish — Palataning kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring