Oʻzbekiston meva eksporti boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanmoqda

08:26 05 Avgust 2021 Iqtisodiyot
3641 0

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bogʻdorchilik va uzumchilikni rivojlantirish, sohada yangi, istiqbolli navlarni yaratish, qayta ishlash va uning eksportini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, yurtimizda bogʻdorchilik qishloq xoʻjaligining serdaromad tarmogʻi boʻlib, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva va uzumlar mazasi, xushtaʼmligi va shifobaxshligi bilan mashhur.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilning dastlabki besh oyida umumiy qiymati 291,6 million AQSH dollarilik 526,9 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilindi. Jumladan, uning 70,2 ming tonnasini meva va rezavorlar, 419,7 ming tonnasini sabzavotlar, 2,0 ming tonnasini uzum, 2,8 ming tonnasini qovun-tarvuz tashkil etdi. Agar mamlakatimizda pishiqchilik kech kuzgacha davom etishini inobatga oladigan boʻlsak, mavsum yakuni boʻyicha raqamlar karrasiga ortishi tabiiy, albatta.

Oʻzbek gilosi — haqiqiy brend

Yer bilan tillashish, undan bir yilda uch-toʻrt marotaba hosil olish ham — moʻjiza. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston bogʻdorchilik, sabzavot-polizchilik singari qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmoqlarida boy tajriba va yuksak ilmiy salohiyatga ega mamlakat. Bu, ayniqsa, keyingi yillarda soha istiqboliga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli yana-da yaqqolroq namoyon boʻlmoqda. Natijada meva-sabzavot, uzum, poliz va kartoshka kabi bogʻ va dala neʼmatlari yetishtirish hajmi tobora ortib, ularga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq taʼminlash barobarida, eksport salmogʻi koʻpaymoqda. Juda qisqa davr ichida oʻrik, olxoʻri, gilos, uzum, yongʻoq, karam, shuningdek, boshqa koʻplab meva va sabzavotlar eksport qilish hajmi boʻyicha mamlakatimiz dunyoda yetakchi davlatlar safidan mustahkam joy egallagani buning yaqqol tasdigʻidir.

Bugun yurtimiz gilos yetishtirish va yetkazib berishda peshqadamlar safida eʼtirof etilyapti. Birgina shu yilning yanvar — may oylarida qiymati 43,4 million AQSH dollariga teng boʻlgan 27,6 ming tonna gilos eksport qilingani shunday deyishga asos boʻla oladi. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bu 2020-yilning mos davridagiga nisbatan 4,3 ming tonna koʻpdir.

Ayni paytda Oʻzbekiston gilosini 14 ta xorijiy davlat import qilayotgan boʻlsa, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Ukraina, Belarus hamda Polsha asosiy xaridor sanaladi.

Xoʻsh, bunga qanday erishildi?

Soha mutaxassislarining aytishicha, agrar soha tubdan isloh qilinib, amaliyotga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, intensiv agrotexnologiyalar qoʻllanilayotgani, dehqon va bogʻbonlar faoliyati har tomonlama ragʻbatlantirib kelinayotgani tarmoq rivojida yangi ufqlarni ochib berdi. Bu jarayonda past rentabelli paxta va gʻalla maydonlari bosqichma-bosqich qisqartirilib, ular oʻrnida yangi bogʻ-rogʻlar barpo etilayotgani, sabzavot va poliz ekinlari joylashtirilayotgani ichki va tashqi bozorni sarxil neʼmatlar bilan toʻldirishda qoʻshimcha imkoniyatlarni tuhfa qilmoqda.

Uzoqqa bormaylik, joriy yilning bahorida 63,8 ming gektar mevali bogʻlar, shu jumladan, 50,0 ming gektarda intensiv bogʻlar barpo etildi. Eʼtiborlisi, yaratilgan ushbu mevali bogʻlarning 22,6 ming gektari lalmi va yaylov, 11,3 ming gektari foydalanishdan chiqqan yerlar, 10,7 ming gektari eski bogʻ-tokzorlar, 2,8 ming gektari ball boniteti past yerlar hamda 16,4 ming gektari paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar ulushiga toʻgʻri keldi.

Shu kabi saʼy-harakatlar tufayli, masalan, Fargʻona viloyati eng koʻp gilos eksport qiladigan hududga aylandi. Ushbu viloyat bogʻbonlari 2021-yilning dastlabki besh oyida xorijga 13 ming tonna gilos sotishga muvaffaq boʻldi. Keyingi oʻrinlarni 4,7 ming tonnalik koʻrsatkich bilan Namangan viloyati, 3,8 ming tonnalik natija qayd etib Toshkent viloyati, 1,7 ming tonnalik marradan oshgan Qashqadaryo viloyati sohibkorlari band etgani diqqatga sazovordir.

Xitoy bozorini egallashimiz mumkin

Oʻzbekiston uchun Xitoy — eng yirik bozorlardan biri. Maʼlumotlarga qaraganda, 2016-yili Xitoy 5,8 milliard dollarlik meva import qilgan. 2030-yilga borib, faqatgina gilos, olxoʻri, uzum va oʻrik mevalari importi 1,8 milliard dollargacha oʻsishi prognoz qilinayotir.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining geografik joylashuvi, iqlim sharoitlari, qishloq joylarda yetarlicha mehnat resurslari mavjudligi tufayli ushbu turdagi mevalarni yetishtirishda dunyoning boshqa hududlariga nisbatan ancha ustunlikka ega. Bularning barchasi ushbu mintaqa mamlakatlari uchun Xitoy bozoriga meva-sabzavotlar eksportini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

Jahon banki ekspertlari fikriga koʻra, Oʻzbekiston gilos, oʻrik, olxoʻri, uzum va yongʻoq kabi mahsulotlar bilan Xitoy bozoridan mustahkam joy egallashi uchun ulkan salohiyatga ega. Keyingi paytlarda ana shu salohiyatdan unumli foydalanish uchun sohaga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratila boshlandi. Natijada shu yilning koʻklamida 7,1 ming gektarga anor, 4,5 ming gektarga oʻrik, 5,3 ming gektarga gilos, 2,5 ming gektarga shaftoli, 2,6 ming gektarga olxoʻri, 16,1 ming gektarga olma, 10,2 ming gektarga yongʻoq, 10 ming gektarga bodom nihollari qadaldi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislarining aytishicha, meva-sabzavotchilikka ham ilm-fan yutuqlari, jahonning ilgʻor tajribasi jadal tatbiq etilayotgani tufayli ushbu tarmoqda samaradorlik ortmoqda. Bunda yangi yoʻnalish — intensiv bogʻdorchilik oʻzlashtirilgani ayni muddao boʻlayotir. Mazkur texnologiya asosida pakana va yarimpakana bogʻlar barpo etish tajribasi dastlab Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinab koʻrildi. Yangilik kutilgan samara bergach, u mamlakatimizning barcha hududida tatbiq etildiki, pirovardida hosildorlik keskin koʻtarilib, qayta ishlash va eksport salohiyati bir necha barobar ortdi.

Chindan ham, intensiv bogʻlarning hosildorligi nihoyatda yuqori boʻlib, anʼanaviy usuldagi bogʻlardagiga nisbatan 5-6 barobar koʻp meva yetishtirish mumkin. Axir zamonaviy texnologiyaga koʻra, har gektar yerga 2,5 ming tupgacha koʻchat ekiladi. Vaholanki, odatdagi bogʻlarga koʻpi bilan 300 — 400 tup koʻchat qadaladi, xolos. Shuningdek, pakana daraxtlardan dastlabki yilda nishona hosil olinsa, ikkinchi yilda gektaridan 10, uchinchi yilda esa 20 tonnadan meva terib olinadi.

Taʼkidlash kerakki, dastlab xorij texnologiyasiga asoslangan bogʻlarda olma, behi, nok singari urugʻlik mevali daraxtlar oʻtqazilgan boʻlsa, endilikda oʻrik, shaftoli, olxoʻri, gilos kabi danakli mevali daraxtlar koʻchati ham ekilyapti. Eng asosiysi, bunday bogʻdorchilik materiallarini oʻzimizda yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Buning hisobiga koʻchatlar importi tobora kamaymoqda.

Bugungi kunda Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida yiliga 17 million tupdan ortiq virussiz intensiv payvandtaglarni yetishtirish hamda koʻchatga boʻlgan ichki talabning 60 — 70 foizini taʼminlash imkoniyatiga ega 6 ta “In-vitro” laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, 23 ta intensiv koʻchat yetishtiruvchi xoʻjalik tashkil etilib, Yevropa davlatlaridan keltirilgan payvandtaglar asosida nihollar yetkazib berilmoqda. Buning evaziga bir tup koʻchat narxini oʻrtacha 7 dollardan 3,5 dollargacha pasaytirishga erishildi.

Uzumni yeb, bogʻini ham soʻrang

Maʼlumotlarga qaraganda, oxirgi toʻrt yilda meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi ikki baravarga koʻpaydi. Bunday natijaga erishilishida ushbu davr ichida 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard soʻm subsidiyalar ajratilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani aytilmoqda.

Binobarin, uzumchilik — bogʻdorchilikning eng serdaromad tarmoqlaridan biri. Sodda qilib aytganda, 1 gektar gʻalla maydonida 2 kishi ishlab, koʻpi bilan 20 million soʻmlik mahsulot yetishtirilsa, uzumchilikda, xususan, shpaler usulida 10 nafargacha aholini ish bilan taʼminlab, 300 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, oʻrtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin. Yoki boʻlmasa, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olish mumkin.

Afsuski, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyati katta boʻlgan uzumchilikka yaqin-yaqingacha yetarli darajada eʼtibor qaratilmagani tufayli soha birmuncha oqsayotgandi. Ayniqsa, seleksiya ishlarida jahon davlatlaridan ortda qolib ketyapmiz. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, uzum boʻyicha Oʻzbekistonning eksport salohiyatini kelgusi toʻrt yilda kamida 600 million dollarga, mayiz boʻyicha 500 million dollarga yetkazish mumkin. Chunki jahon bozorida xoʻraki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi oʻrinda boʻlib, har yili unga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda. Ana shu bozorni egallash uchun saʼy-harakatlar allaqachon boshlab yuborilgani tahsinga loyiq.

Gap shundaki, oʻtgan yili Oltiariq tumanida gʻalla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, Forish, oʻallaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qoʻshrabot tumanlarida ham yangi tokzorlar yaratildi. Endilikda ushbu tajriba asosida 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalariga asos solinadi.

Quvonarlisi, jahon bozorida xaridorgir uzum beradigan tokzorlar yaratishning tashkiliy va moliyaviy tomonlari hal qilingan. Yaʼni sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million soʻmdan subsidiya beriladi. Tokzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun esa banklarga 100 million dollar miqdorida resurs ajratiladi. Bundan tashqari, tokzorlarga shpaler oʻrnatish xarajatlarining 30 foizgacha qismi byudjetdan qoplanadigan boʻldi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki tokni shpalerga koʻtarish hisobiga hosildorlikni 2-3 baravar koʻpaytirish mumkin ekan. Buning uchun zarur boʻlgan maxsus shpalerlar esa Italiya va Turkiya tajribasi asosida oʻzimizda ishlab chiqarilayotgani bogʻbonlar ishini yengillashtirishi tayin. Hozirgi kunda yillik ishlab chiqarish quvvati 1 million dona boʻlgan 9 ta korxona faoliyat yuritayotganini aytish joiz.

Ushbu saʼy-harakatlar zamirida, avvalo, bogʻbonlarni qoʻllab-quvvatlash va uzumchilik salohiyatini koʻtarish, qolaversa, yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratishni ragʻbatlantirishdek ezgu maqsad-muddao mujassamdir.

Eksportni oshiruvchi muhim manba

Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligidan maʼlum qilishlaricha, bugungi kunda fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarida mavjud issiqxonalarning umumiy maydoni 5,3 ming gektarga yetadi. Shundan 906 gektari gidroponika usulida tashkil etilgan. Ushbu issiqxonalarda 2020-yilda 352 ming tonna mahsulot, shu jumladan, 277 ming tonna pomidor, 60 ming tonna bodring, 9 ming tonna limon va 7 ming tonna boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi. Shundan 118 ming tonnasi eksport qilinib, 83 million dollarlik valyuta tushumiga erishildi.

Darhaqiqat, qishloq xoʻjaligi eksport salohiyatini oshirishda issiqxona xoʻjaliklari eng muhim manbalardan biri sanaladi. Shuning uchun yangi issiqxonalarni qurish boʻyicha tashabbuslar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti. Joriy yilda 746 nafar tashabbuskor tomonidan 2,3 ming gektar maydonda umumiy qiymati 8 445 milliard soʻmlik issiqxonalarni ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunga qadar ushbu maqsadlarga 768 milliard soʻm yoʻnaltirilib, 270 gektar maydonda 111 ta zamonaviy issiqxona foydalanishga topshirildi va ularda 2 ming 160 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Zamonaviy issiqxonalar tashkil etish boʻyicha bu kabi loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishida, aytish mumkinki, metall konstruksiyalar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish mahalliylashtirilgani qoʻl kelyapti. Ayni paytda yurtimizda bunga ixtisoslashtirilgan 9 ta zavod faoliyat yuritayotgan boʻlib, ular tomonidan metall konstruksiyalar, kokos substratlari, isitish, yoritish va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, plyonkali va polikarbonat qoplamalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan foydalanish esa issiqxona qurish tannarxini 90 ming dollar/gektarga pasaytirish imkonini bergani eʼtiborga loyiq jihatdir.

Yer resurslaridan unumli foydalanish, fermer xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligi subyektlari daromadini koʻtarish hamda sifatli mahsulot ishlab chiqarish orqali eksport hajmlarini oshirish maqsadida 2021 — 2026-yillarda 6,7 ming gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

115 ta hudud olmachilikka ixtisoslashtiriladi

Bugun yurtimiz bogʻdorchiligida sifat oʻzgarishlariga erishish yoʻlida koʻplab istiqbolli loyihalarga qoʻl urilmoqda, yangi-yangi mexanizmlar ishga tushirilyapti. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan “Agroservis operator” DUK tomonidan hayotga tatbiq qilinayotgan shunday yangiliklardan biri shuki, respublikamizning 10 ta hududida kamida 4,5 ming gektar intensiv bogʻlar barpo qilinadi. Buning uchun Jahon bankining 65 million dollar mablagʻi yoʻnaltirilyapti.

Asosiysi, ushbu bogʻlar aholi va tadbirkorlik subyektlariga 1 — 5 gektardan tayyor holda, mablagʻni uzoq muddatga (7 yilgacha) boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Bunda tashabbuskordan garov taʼminoti talab etilmaydi va uch yil davomida bogʻda agrotexnika tadbirlarini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha bogʻ egalarining malakasi oshiriladi.

Ayni paytda ushbu mexanizm asosida 2 ming 750 gektar maydonda yangi bogʻ va tokzorlarga asos solish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan dastlabki takliflar shakllantirildi.

Shu bilan birga, 30 ming gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalar asosida intensiv bogʻlar tashkil etish saʼy-harakatlari boshlangan. Mazkur bogʻlarga koʻchatlar shunchaki oʻtqazilmaydi, balki mevali daraxtlarning ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan navlari tanlab ekiladi. Masalan, olmaning “Pink ledi”, “Fudji”, “Grenni Smit”, “Skarlet Spur”, “Golden delishes”, “Jeromin”, oʻrikning “Rubista”, “Lediy got”, gilosning “Svitxart”, “Samba”, shaftolining “Big-beng”, “Britni layn”, nokning “Uilms”, “Konferanse” va olxoʻrining “Atumn jent”, “Erli kvin” navlari shular jumlasidandir.

Umuman olganda, mamlakatimizdagi 44 ta tumanning 115 ta hududi olmachilikka ixtisoslashtiriladi. Pirovardida olma bogʻlarining maydoni 120 ming gektarga yetkazilib, 2023-yilda ulardan 3,6 million tonna hosil olinadi. Yetishtiriladigan mahsulotning 1 million tonnadan koʻpi qayta ishlashga yoʻnaltirilib, mazkur yoʻnalish quvvatlarining xom ashyoga boʻlgan ehtiyoji toʻliq taʼminlanadi. Qolgan qismi esa eksport qilinadi.

Ushbu maqsad-muddaolarga erishish esa koʻp jihatdan belgilab olingan ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga bogʻliq. Zero, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad — boldek shirin mevalar yetishtirish hajmini keskin oshirish, eksport salohiyatini karrasiga koʻtarish orqali Oʻzbekistonni jahon oziq-ovqat bozorida yetakchiga aylantirish ekanligini eʼtibordan soqit qilmaslik darkor.

Shavkat HASANOV,
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori,
iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?