Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat sohasi xodimlariga

22:52 15 Aprel 2022 Siyosat
1682 0

Foto: president.uz

Qadrli yurtdoshlar!

Madaniyat va sanʼat sohasining zahmatkash va fidoyi vakillari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Hammamizga ayonki, inson qalbiga olijanob fazilatlar, ezgu his-tuygʻularni singdirib, jamiyatni birlashtirish va taraqqiy ettirish, xalqni, Vatanni dunyoga tarannum etishda madaniyat va sanʼatning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir.

Yurtimiz tarixiga nazar solsak, Birinchi va Ikkinchi Renessans kabi noyob hodisalar avvalo qadimiy va boy madaniyatimizdan oziqlanib, oʻlmas qadriyat va anʼanalarimiz asosida vujudga kelganini koʻramiz.

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston qiyofasini shakllantirish, oʻz oldimizga qoʻygan buyuk maqsad – Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda siz, hurmatli ijodkor ziyolilarimiz hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqayotganingizni el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Bu haqda soʻz yuritganda, soʻnggi yillarda soha rivojiga qaratilgan bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlash lozim.

Ayniqsa, Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq bu boradagi islohotlarning yangi strategiyasi qabul qilinib, hayotga izchil joriy etilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, madaniyat va sanʼat sohasining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun davlatimiz tomonidan zarur mablagʻ va resurslar ajratilib, qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Avvalo, Madaniyat vazirligi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, uning markaziy va hududiy tuzilmalari, turli ijodiy tashkilot va uyushmalar faoliyati takomillashtirildi. Milliy sanʼatimizning noyob turlari tiklanib, oʻnlab yangi madaniyat va sanʼat muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 15 ga yaqin teatr, muzey va qoʻriqxonalar tashkil etildi. Jumladan, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Milliy maqom sanʼati va Baxshichilik sanʼati markazlari, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari, Teatr va kino arboblari uyushmalari, “Bahor” davlat raqs ansambli samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻtgan qisqa davrda Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali, Respublika musiqa va sanʼat kolleji hamda Nukus opera va baxshichilik maktabi tashkil etildi.

Yurtimizda maqom va baxshichilik sanʼatlari hamda hunarmandchilik boʻyicha xalqaro festivallar muntazam oʻtkazib kelinayotgani milliy madaniyatimizni jahon miqyosida keng targʻib etishga xizmat qilmoqda. Natijada xalqimizning qadimiy va betakror sanʼati dunyo hamjamiyatining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. “Xorazm lazgisi” va baxshichilik sanʼati YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgani buning yaqqol dalilidir.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini har tomonlama ragʻbatlantirish, ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda 15-aprel sanasi Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilangani bu yoʻldagi yangi qadam boʻldi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va marralarimiz barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat jabhasida ham oldimizga dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.

Avvalo, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizda xalqchillik tamoyillarini yanada oshirish, uni tom maʼnoda el-yurtimizning qalbi va yuragini ifoda etadigan, eng yuksak xalqaro mezon va talablarga javob beradigan sohaga aylantirish – eng muhim vazifadir.

Aholi, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimizni turli buzgʻunchi gʻoyalar, maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda biz sizlar kabi minglab fidoyi madaniyat va sanʼat namoyandalariga tayanamiz.

Bu borada ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy “ibratxona” deb taʼriflagan teatrlarimizning oʻrni va taʼsiri katta ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Oʻtgan yil dekabr oyida mamlakatimizda opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilinib, bu borada zarur chora-tadbirlar belgilanganidan sizlar albatta xabardorsiz.

Bundan tashqari, madaniyat va sanʼat oliygohlari talabalarini, nodavlat teatr-studiyalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning intilishlarini ragʻbatlantirish maqsadida joriy yildan boshlab eng yaxshi loyihalar uchun davlat grantlari ajratiladi.

Tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olayotgan bitiruvchilar, shuningdek, erkin ijod bilan band boʻlgan rassomlar faoliyatiga yordam berish, jumladan, ijodiy ustaxonalar bilan taʼminlash, “ustoz-shogird” anʼanalarini kuchaytirish masalasida ham qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Milliy kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish maqsadida yaqinda tubdan taʼmirlangan “Oʻzbekfilm” kinokonsernini zamonaviy uskuna va qurilmalar bilan jihozlash va uni yirik ijodiy muassasaga aylantirish boʻyicha boshlagan ishlarimizni oxiriga yetkazamiz. Kino sanʼatining turizm salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini inobatga olib, nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda filmlar ishlab chiqarish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, madaniyat va sanʼat tashkilotlari, xususan, hududlardagi madaniyat maskanlarida mehnat qilayotgan koʻp millatli ijodiy va texnik jamoalarni qoʻllab-quvvatlash, yuksak badiiy asarlar yaratishga ragʻbatlantirish, ularning el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilishlari uchun zarur sharoit yaratib berish ishlari yangi bosqichga koʻtariladi.

Aziz sanʼatkorlar, muhtaram soha faxriylari!

Sizlarni qutlugʻ bayram – Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, ijodiy va ijtimoiy faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.

Hamisha xalqimiz ardogʻida boʻlib yuring!

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?