“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi kitob-albomlar Yaponiya muzeyiga topshirildi
Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi xodimlari Mixo muzeyiga Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni topshirdilar.
Tadbir qatnashchilarga “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi haqida batafsil maʼlumot berildi. Ushbu loyiha yurtimizda yaratilgan durdona asarlar — arxeologik artefaktlar, noyob miniatyuralarga ega eng nodir qoʻlyozmalar, amaliy sanʼatning turli obyektlarini kataloglashtirish va idrok etish gʻoyasiga asoslanganligi qayd etildi. Shuningdek, ushbu nodir asarlar hozirda xorijdagi, yaʼni Rossiya, Yevropa, Osiyo, Аmerika, Аfrika va boshqa mintaqalardagi turli muzey hamda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgani taʼkidlandi.
Mazkur kitob-albomning “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya muzeylarida” jildida Syosoin imperatorlik xazinasi, Mixo muzeyi, Yokogoma shahridagi Yevrosiyo madaniyati muzeyi, Ryukoku muzeyi, Tenri universiteti qoshidagi Tenri Sankokan muzeyi, Okayama shahridagi Yaqin Sharq sanʼati muzeyi va Xirosima prefektural sanʼat muzeyida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid muhim maʼlumotlar oʻrin olgani qayd etildi.
Muzey bosh tadqiqotchisi Xajime Inagaki Oʻzbekiston madaniy merosi toʻgʻrisida eng toʻliq maʼlumotlarni jamlagan ushbu kitoblar turkumi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Ushbu kitob-albomlar Mixo muzeyi kolleksiyasining qimmatli eksponatlari qatoridan joy olishiga va kelgusida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish niyatida boʻlgan yapon tadqiqotchilari uchun muhim manba sifatida xizmat qilishiga ishonamiz”, dedi u.
Mixo muzeyi Yaponiyaning tarixiy poytaxti – Kiotodan uncha uzoq boʻlmagan hududda joylashgan. Muzey 1997-yilda Koyama Mixoko tomonidan tashkil etilgan. Mixo muzeyida Misr va Mesopotamiyadan tortib Xitoygacha hamda qadimgi Amerika tamadduniga oid buyumlar toʻplami mavjud.
Toʻplamda, shuningdek, Markaziy Osiyo sanʼatiga doir qadimgi Baqtriya madaniyatidan boshlab ilk oʻrta asrlar davriga mansub sanʼat namunalari ham bor. Mazkur toʻplamdagi eng qadimiy buyumlar eramizdan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlariga oid boʻlib, ular Baqtriya-Margʻiyona arxeologiya majmuiga tegishlidir.
Markaziy Osiyoga doir toʻplamdagi buyumlarning asosiy qismi miloddan avvalgi I ming yillikda Oks (Amudaryo) vohasida yashab oʻtgan zardushtiylar tarixiga taalluqlidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring