Oʻzbekiston klasterlari xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga ulanmoqda

22:30 06 Iyun 2022 Iqtisodiyot
567 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi koordinatori Raluka Dumitresku hamda Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi Murtazo Rahmatov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbir “Cotton Campaign«ning Oʻzbekistondan kalava ip, tikuv-trikotaj va toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha asosiy dasturi doirasida tashkil etildi. Unda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlarini xalqaro brendlar hamda Yevropadagi yirik toʻqimachilik kompaniyalarining ishlab chiqarish zanjiriga ulash masalasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Buning samarasi oʻlaroq, qishloq xoʻjaligiga bozor tamoyillarini tatbiq etish, sohada munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz gʻoyasi asosida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning klaster usuli joriy etilgach, paxta yigʻim-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butkul barham berildi. Bu esa “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan tan olinib, oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan global boykot bekor qilindi.

Mehmon oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan taqiq yechilgach, Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sanoatining tashqi bozordagi jozibadorligi ortganini eʼtirof etdi. “C&A”, “Gap Inc.», “H&M”, “Levi Strauss & Co.», “Tesco”, “Walmart”, “Nike”, “Zara” kabi dunyo toʻqimachilik bozorida yetakchi boʻlgan yirik brendlar va riteylerlar Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish uchun amaliy harakatlarni boshlab yuborgani shundan dalolat beradi.

— Yaqinda biz Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqayotgan 100 dan ortiq xalqaro brend va kompaniyalar bilan uchrashuv oʻtkazdik, — deydi “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi koordinatori Raluka Dumitresku. — Ularni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchisi, yurtingizda ishlab chiqarilgan yarim tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, xususan, kalava ip oldi-sotdisini yoʻlga qoʻyish niyatida boʻlsa, ikkinchisi tayyor mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish yoki ularni shu yerda ishlab chiqarishdan manfaatdordir. Bu borada ular yakuniy qaror qabul qilishlarida bizning tavsiyalarimiz muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tizimida 134 ta klaster faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlarini taʼminlash birinchi oʻringa qoʻyilgan. Paxta yetishtirish va hosilni yigʻishtirib olishda qoʻl mehnatini kamaytirish, mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish ustida izlanmoqda. Mashina-traktor parklari zamonaviy texnikalar bilan toʻldirilmoqda. Maqsad bitta, u ham boʻlsa, oʻtmishdagi xatolarni takrorlamasdan paxtachilikni eng serdaromad tarmoqlardan biriga aylantirishdir.

— Ayni paytda mavjud paxta-toʻqimachilik klasterlarining qariyb teng yarmi qayta ishlash quvvatlariga ega, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Yaqin yillar ichida qolgan klasterlarda ham toʻliq sanoat zanjiri yaratiladi. Bu xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish, ularning buyurtmalarini olish uchun salohiyatga ega ekanligimizdan dalolatdir.

Tadbirda paxtachilik tarmogʻida shaffoflikni oshirish, axborot olish imkoniyatlarini kengaytish masalalari ham muhokama qilindi. “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi vakili bugungi uchrashuvdan mamnunligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?