Oʻzbekiston Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti auditidan muvaffaqiyatli oʻtdi

19:17 04 Iyun 2023 Siyosat
696 0

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO/ICAO) ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonda parvozlar xavfsizligi tizimining ishlashini baholash boʻyicha kompleks audit tekshiruvi oʻtkazilib, ijobiy xulosa berildi.

Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, rejali audit doirasida joriy yilning 17-29-may kunlari IKAO auditorlar guruhi parvozlar xavfsizligi holati boʻyicha rejali tekshiruv oʻtkazdi. Shuningdek, Transport vazirligi, “Oʻzaviatsiya” agentligi, “Oʻzgidromet”, “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK, “Uzbekistan Airways” AJ, “Panorama Airways” MCHJ, «I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ hamda “Uzbekistan Airways” AJning “Oʻquv mashq markazi”larida IKAO standartlari talablarining bajarilishi ustidan tekshiruv oʻtkazildi.

Audit natijalari boʻyicha Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligiga taʼsir etuvchi nomuvofiqliklar (SSC) aniqlanmadi.

Oʻzbekistonda IKAO standartlarini joriy etish umumiy samaradorligining dastlabki koʻrsatkichi 64 foizni tashkil etdi, bu toʻliq auditdan oʻtgan boshqa davlatlar bilan solishtirilganda yaxshi koʻrsatkich deb eʼtirof etiladi.

Mazkur audit fuqaro aviatsiyasi sohasida parvozlar xavfsizligi tizimini tashkil etishni baholashning eng muhim obyektiv vositalaridan biri hisoblanadi.

Yakuniy audit hisoboti 2023-yilning 15-noyabrgacha taqdim etiladi va IKAOning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?