O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida “Shaxmat maktabi” ochildi

Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, buning uchun zarur tuzilmalarni shakllantirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda tarixiy yutuqlarga erishmoqda.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish, bu orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash va mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelayotir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Shaxmat maktabi”ning ochilishi bu borada ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonda shaxmatni yanada rivojlantirish, mehnatkashlar, shu jumladan yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommaviy harakatga aylantirish ishlariga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan mazkur “Shaxmat maktabi”ning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi, Federatsiya tasarrufidagi “Yakkasaroy sport sog‘lomlashtirish majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Xalqaro shaxmat akademiyasi mutasaddilari, shaxmat sohasi ustalari, jamoatchilik vakillari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi oldidan amalga oshirilgan ushbu xayrli loyiha natijasida shaxmat ishqibozlari ushbu maktabda aql gimnastikasi sirlarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Mazkur maktab, aholi, ayniqsa, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmat o‘yinini keng targ‘ib etish bilan birga, yigit-qizlar orasidan shaxmat o‘yiniga qiziquvchi yosh iqtidorlarni aniqlab, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, bu orqali ular orasidan kuchli shaxmatchilar yetishib chiqishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Darvoqe, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yurtimizda sportning ushbu turini ommalashtirish bo‘yicha yana bir qator xayrli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Xususan, mehnat jamoalarida shaxmat klublarini tashkil etish, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha tuman, hudud, respublika bosqichlaridan iborat musobaqalarni o‘tkazish ko‘lamini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Iqbol PARDAYEVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring