Oʻzbekiston-Fransiya: Ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy shartidir

11:47 22 Iyul 2023 Siyosat
328 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Fransiya Respublikasi poytaxti Parij shahrida boʻldi. Senat Raisi tashrif doirasida Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlari bugungi kunda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik hamkorlik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun salmoqli salohiyat mavjudligi bilan ajralib turadi.

Fransiya Oʻzbekistonning Yevropadagi eng muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasi izchil yuqorilab bormoqda. Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar ham faol rivojlanmoqda.

Uchrashuv chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe hozirda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar jarayonini mamnuniyat bilan tilga olib, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning chinakam bozor iqtisodiyotiga oʻtishi va jahonga ochilish yoʻlida amalga oshirgan ishlari mustaqillikning barcha yillari davomida qilingan jami ishlardan ham salmoqli ekanligini eʼtirof etdi.

Fransiyaning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi nihoyatda katta ekanligiga urgʻu berib, J.Larshe “Oʻzbekiston mintaqada eng aholisi koʻp boʻlgan kuchli davlat – Markaziy Osiyoning urib turgan yuragidir. Ayniqsa, jahonda bugungi kunda kuzatilayotgan mavhumlik va notinchlik sharoitida davlatingizni mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik markazi deb bilamiz” deya taʼkidladi.

Aytish kerakki, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan boʻlib, Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya – Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi faoliyat yuritmoqda.

Bu borada T.Narbayeva hamkorlik guruhlari salohiyatidan yanada samarali foydalanish muhimligini, jumladan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikning tayanch nuqtalari qonun ijodkorligi, kuchli parlament nazorati va hududiy vakillik tamoyillariga qurilishi zarurligini alohida taʼkidladi. Shu oʻrinda ikkala parlamentning turdosh masalalarga masʼul qoʻmitalari oʻrtasida ham mustahkam aloqalar oʻrnatilishi mazkur muloqot mexanizmining amaliy samarasini taʼminlashiga urgʻu berdi.

Tomonlar ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy sharti ekanligini birdek eʼtirof etib, davlatlarimiz oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda yuqori palatalarning vakillik demokratiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Suhbat yakunida Fransiya va Oʻzbekiston mahalliy hokimiyat organlari oʻrtasidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, BRMga erishish sohasida qoʻshma choralarni amalga oshirish, shuningdek, yashil iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash sohalarida ham konstruktiv hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер