Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Illyustrativ foto
Madaniy meros agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil davomida mamlakatimizdagi 114 ta davlat muzeyiga 6,1 million nafar mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,5 foizga koʻpdir.
Muzeylarga tashriflar sonining soʻnggi besh yildagi oʻsish koʻrsatkichlariga nazar tashlasak, sayyohlar oqimi yillar kesimida oʻzgarib borganiga guvoh boʻlamiz. Jumladan, 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli tashriflar soni 1,5 milliongacha pasaygan boʻlsa, 2021-yilda 5,1 milliongacha koʻtarilgan. 2022-yilda esa 6,5 million nafarga yetgan. Bu koʻrsatkich bugungi kungacha qayd etilgan mutlaq rekord hisoblanadi. Shuningdek, 2023-yilda muzeyga tashrif buyuruvchilar soni qisqarib, 5,7 million nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda bu raqam 4,8 million nafargacha kamaygan. Oʻtgan 2025-yil mobaynida esa oʻsish surati yana oshib, 6,1 million nafarga yetgan.
COVID-19 pandemiyasi davridan keyin turizmning jonlanishi, xorijiy aviakompaniyalar faoliyatining tiklanishi, viza berish talablarining soddalashtirilishi hamda mamlakatning xalqaro imijini oshirishga qaratilgan islohotlar turizm sohasidagi oʻsishning asosiy omillaridan biri boʻlib xizmat qildi. Bundan tashqari, xalqaro koʻrgazmalar va madaniy tadbirlarning tashkil etilishi ham tashriflar sonining oshishida muhim rol oʻynadi.
Eng koʻp tashrif buyurilgan muzeylar
2025-yilda eng koʻp tashrif buyurilgan muzeylar anʼanaviy tarzda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarda joylashgan.
Jumladan, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tashrif buyuruvchilar soni boʻyicha birinchi oʻrinda qayd etilgan. Ushbu muzeyga 2025-yil davomida 1 million 145 ming 595 nafar sayyoh tashrif buyurgan. Undan keyingi oʻrinlarda, Registon ansambli 1 million 136 ming 69 nafar tashrif buyuruvchi bilan ikkinchi pogʻonada qayd etilgan boʻlsa, 851 ming 714 nafar koʻrsatkich bilan Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi uchinchi pogʻonani egallagan.
Shuningdek, “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasiga yil davomida 476 ming 592 kishi, “Shahrisabz” davlat muzey-qoʻriqxonasiga esa 185 ming 604 kishi tashrif buyurgan. Mazkur raqamlardan ham bilish mumkinki, Buyuk ipak yoʻli boʻylab joylashgan tarixiy shaharlarimiz hali ham eng jozibador turizm maskanlari hisoblanadi.
Ortda qolgan 2025-yil muzey sohasini raqamlashtirish borasida ham muhim yutuqlarga boy boʻldi. Elektron identifikatsiya qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalar soni 500 mingtaga yetkazildi. Bundan tashqari, 301 ta madaniy meros obyektlari raqamlashtirilib, 217 ta muzey hamda obyektlarning 360 daraja tasvirlari yagona axborot bazasiga joylashtirildi. Ushbu oʻzgarishlar yurtimizga tashrif buyurish istagida boʻlgan xorijiy sayyohlar uchun muzeylarni oldindan oʻrganish va virtual sayohat qilish imkoniyatini yaratadi.
Xalqaro eʼtirof
Jahon turizm forumi instituti Oʻzbekistondagi turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni eʼtirof etib, 2025-yilning “Eng yaxshi madaniy turizm yoʻnalishi” unvoniga loyiq koʻrdi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining turizm hisobotida Oʻzbekiston jahonda sayyohlar oqimi tez oʻsayotgan TOP-7 mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilning noyabr oyiga kelib Oʻzbekistonga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ahamiyatlisi shundaki, 2025-yilning aprel oyida ilk bor bir oyda bir milliondan ortiq xorijiy sayyoh mamlakatimizga kelgan. Soʻnggi 9 oyda esa 8,6 million nafar xorijiy sayyohlar safar qilish maqsadida mamlakatimizni tanlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring