O‘zbekiston 350 nafardan ortiq sportchi bilan "qit’a olimpiadasi"ga yo‘l olmoqda

16:43 12 Sentyabr 2023 Sport
1111 0

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlariga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Musobaqa reja bo‘yicha 2022 yilning sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilishi lozim edi. Biroq o‘sha davr Xitoyda koronavirus infeksiyasining navbatdagi to‘lqini boshlangach, mazkur musobaqaning bekor bo‘lish xavfi yuzaga keldi. 2022 yil 6 may kuni Toshkentda o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishida mamlakat kompleks musobaqa 2023 yilga surilishini rasman ma’lum qildi.

Xanchjou-2022 mustaqil O‘zbekiston uchun sakkizinchi yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘ladi. Xitoyda delegatsiyamiz o‘z tarixidagi eng katta tarkib – 30 dan ortiq sport turida 350 nafardan ziyod atlet bilan ishtirok etadi. Hamyurtlarimiz bu galgi “qit’a Olimpiadasi”da basketbol 3x3, qoyani zabt etish, zamonaviy beshkurash, chim ustida xokkey, suv polosi, sport raqsi, ye-sport va shaxmat dasturlarida debyut qilishadi.
 
O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlari tarixida umumjamoa hisobidagi eng yaxshi ishtiroki 1994 yil Xirosima, 2002 yil Koreya Respublikasi va 2018 yil Indoneziyada o‘tgan o‘yinlarga to‘g‘ri kelib, ularda mamlakatimiz beshinchi o‘rini qo‘lga kiritgan. Medallar jamg‘arish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichimiz esa 5 yil avval Indoneziyada o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Unda delegatsiyamiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, jami 70 ta medal jamg‘argan.

Bu galgi “qit’a Olimpiadasi” bir qator sport turlarida Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynalishi bilan yanada ahamiyatli. Musobaqa davomida boks, zamonaviy beshkurash, kamondan otish, breykdens, chim ustida xokkey, tennis, suv polosi, yelkanli sport, sinxron suzish dasturlarida atletlar medallar qatori Olimpiada lisenziyalari uchun ham kurash olib borishadi.

Musobaqaning 1 yilga kechiktirilishi sabab ba’zi dasturlardagi bahslar Parij-2024 Olimpiadasi uchun kvalifikatsiya vazifasini o‘tab bermoqda. Shu bois, unga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi. Demak, bu galgi Osiyo o‘yinlari har qachongidan ham qiziqarli va shiddatli ruhda o‘tishiga hech qanday shubha yo‘q.

Musobaqa oldidan sport mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda qatnashgan "Xalq so‘zi" muxbiri fotoreportaj tayyorladi.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?