“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi taʼlim tizimini isloh qilishning muhim kafolati
Oʻzbekiston Respublikasida har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jihatdan, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bugungi kun siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bu borada “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi asosiy dasturiy hujjat sifatida xizmat qilmoqda.
Mazkur strategiya har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, qonun ustuvorligi va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan. Ushbu maqsadlar qatorida mamlakatni barqaror iqtisodiy oʻsishga erishgan, daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar safiga qoʻshish, taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarini xalqaro standartlarga moslashtirish kabi yoʻnalishlar alohida ahamiyatga ega.
Strategiya doirasida besh muhim yoʻnalish belgilab berilgan boʻlib, ular orasida taʼlim tizimini isloh qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Xususan, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarning sifati va qamrovini oshirish, kambagʻallikni kamaytirish, yoshlarga oid davlat siyosatini kuchaytirish hamda xalqning maʼnaviy qiyofasini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Soʻnggi yillarda taʼlim sohasini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar doirasida qator muvaffaqiyatlar qayd etildi. Jumladan, 2017-2022-yillarda maktabgacha taʼlim muassasalari qamrovi 27,7% dan 70% ga oshgan, oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 199 taga yetgan hamda qabul kvotalari 4 barobarga oshirilgan. Shuningdek, xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun imtiyozlar kengaytirilib, 3 mingdan ortiq qizlar uchun maxsus grantlar ajratilgan.
Maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish ham strategiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. 2019-yilda 40% ni tashkil etgan maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 2021-yilda 67,2% ga yetgan va 2026-yilga qadar bu koʻrsatkichni 80% gacha oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini kompyuter texnologiyalari va toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalariga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslardan biri pedagog kadrlarning maqomini oshirish va ularning malakasini xalqaro standartlarga moslashtirishdir. 2024-yil 1-fevralida qabul qilingan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun mazkur sohadagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Shuningdek, 1000 nafar professor-oʻqituvchining xorijda malaka oshirishi, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining oʻrtacha ish haqini 2 barobarga oshirish, olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat grantlari joriy etilishi belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan taʼlim tizimiga oid islohotlar, mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash hamda kelajak avlodning har tomonlama kamol topishi uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Durdona MADAMINOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, DSc
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring