“O‘zbekgidroenergo” AJ: o‘tgan yil sarhisobi va joriy yildagi rejalar

Mamlakat iqtisodiyotining drayveri bo‘lgan energetika tizimini rivojlantirishda, mavjud quvvatlarni yanada mustahkamlash va oshirishda, shuningdek, aholining turmush farovonligini yuksaltirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biri hisoblangan gidroenergetika tarmog‘i yildan yilga samarador sohaga aylanib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Tarmoqqa mas’ul — “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan qo‘shimcha quvvatlar evaziga O‘zbekiston gidroenergetikasi salohiyatini, nafaqat barqaror holatda saqlash, balki yildan yilga mavjud quvvatlarni oshirib borilishiga erishilmoqda.
Bugun, 27-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jamiyat tomonidan “O‘zbekgidroenergo” AJ: 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025-yildagi rejalar” mavzuidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida AJ boshqaruvi rahbariyati, ijro apparati boshqarma va bo‘lim boshliqlari, mas’ul mutaxassislar, televideniye, radio, bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil topgandan buyon yangi qurilish va modernizatsiya loyihalariga qariyb 1 mlrd. dollar investitsiyalar yo‘naltirildi. Yil sayin “O‘zbekgidroenergo” AJ salohiyati va jozibadorligi yanada oshib bormoqda. Jalb qilinayotgan keng ko‘lamli kapital qo‘yilmalari va chet el investitsiyalari hisobiga eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi GESlar barpo etilmoqda.
AJ tomonidan bugungi kunga qadar umumiy quvvati 430 MVtga teng bo‘lgan 55 ta GES foydalanishga topshirildi. Shundan, 42 ta yangi GES qurilgan bo‘lsa, 13 ta mavjud GES zamonaviy talablar asosida to‘liq modernizatsiya qilindi. E’tiborli jihati, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda nafaqat yurtimizda, balki, MDH davlatlari orasida ham salmoqli natija hisoblanadi.
Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida AJ tasarrufidagi jami GESlar soni 77 taga yetkazilib, mavjud quvvatlar 2,256 GVt.dan oshirildi.
Mazkur ko‘rsatkichlar AJ faoliyatiga ijobiy ta’sir etib, 2024-yil yakunlari bilan AJning umumiy aktivlari qiymati ilk bor 1 mlrd. 200 mln. dollarga yetkazildi. 2017-yil bilan taqqoslanganda, jami aktivlarimiz qiymati 4 barobarga oshdi. Bu bilan AJning xalqaro miqyosdagi “kredit yelkasi” ishonchlilik darajasi yanada mustahkamlanib 2,5 koeffitsiyentni tashkil etdi.
2024-yilda tizimdagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 8,2 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2023-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini anglatadi.
Amalga oshirilgan yangi loyihalar hamda modernizatsiya chora-tadbirlari hisobiga 2024-yildagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 100-yillik tarixga ega gidroenergetika faoliyatida eng yuqori — rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi o‘rnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti — 41 foizni tashkil etib, bu ham o‘z o‘rnida tarixiy marra hisoblanadi.
2024-yilda tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan tushum 4 053 mlrd. so‘mni tashkil etdi. “O‘zbekgidroenergo” AJ milliy elektr tarmoqlariga elektr energiyasini yetkazib berish asnosida, yirik soliq to‘lovchi sifatida o‘tgan yilning o‘zida davlat byudjetiga qariyb 1 trillion so‘mlik soliq va boshqa to‘lovlarni amalga oshirildi.
Sohada jadal sur’atlarda transformatsiya va raqamlashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili sohani transformatsiya qilish jarayoni doirasida tizimdagi GES hamda suv omborlari faoliyatini qamrab olgan elektr energiyasi ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli ta’minlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GES va suv omborlarida o‘rnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va nazorat-o‘lchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi.
Tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimi joriy etildi hamda “Vaziyatlar markazi”ga ma’lumotlar onlayn uzatilishi ta’minlandi.
Suv omborlaridagi nazorat-o‘lchov qurilmalarini avtomatlashtirish bo‘yicha Andijon, Ohangaron va Hisorak suv omborlariga zamonaviy datchiklar o‘rnatildi.
Qayd etish joizki, soha avtomatlashtirilib, deyarli to‘liq raqamlashtirilishiga erishildi.
2024-yilda qabul qilingan gidroenergetika sohasi uchun muhim hujjat –O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, gidroenergetika quvvatlarini yanada oshirish maqsadida tarmoqni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Xalqaro maydonda “O‘zbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “top uchlik” reyting agentligi — “Fitch Ratings”ning “BB-” xalqaro kredit reytingini barqaror suveren darajada saqlab kelmoqda. Jamiyat miqyosida xaridlar borasida oshkoralikni ta’minlash uchun Jamiyat doirasida xaridlar jarayonlari forenzik auditdan o‘tkazilib, xalqaro Deloyt kompaniyasining ijobiy xulosasi olinishiga erishildi.
Mana, uchinchi yildirki, AJ korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standart bo‘yicha muvofiqlik sertifikatiga ega.
“Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)” nufuzli xalqaro reytingi 2023-yilda mamlakatimiz sanoat korxonalari orasida AJ tomonidan birinchi bo‘lib qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu xalqaro reyting maqomi 72 ball bilan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarilib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishiga erishildi.
Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan joriy yilda amalga oshiriladigan muhim tadbirlar va istiqbolli loyihalar haqida ham ma’lumotlar berildi. Jumladan, 2025-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz o‘sish sur’atiga erishish, Investitsiya dasturiga asosan umumiy 3,3 mlrd. dollarga teng 14 ta loyihani amalga oshirish, umumiy quvvati 222 MVt, yillik ishlab chiqarishi 1 mlrd. kVt.soatga teng 38 ta loyihani foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani davomida AJ mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
Rahim SHERQULOV
(“Xalq so‘zi”).
Akmal MUHAMMADOV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring