Oʻzbek raqsi afsonasi Mukarrama Turgʻunboyeva ijodiga bagʻishlangan “Raqs meʼmori” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

07:25 31 May 2023 Madaniyat
911 0

Joriy yilning 30-may kuni Kasaba uyushmalari federatsiyalari majlislar zalida “Raqs meʼmori” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjuman oʻz xalqi va yurtini butun dunyoga tarannum etgan, yer yuzining barcha qitʼalarida millionlab tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan raqs sanʼati ustasi, “Bahor” davlat xalq raqs ansambli asoschisi Mukarrama Turgʻunboyevaning ijodiy faoliyatiga bagʻishlandi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov va raqs sanʼati mutaxassislari, sanʼatshunos olimlar ishtirok etdi.

Aytish joizki, 1957-yilda tashkil etilgan Mukarrama Turgʻunboyeva boshchiligidagi “Bahor” davlat xalq raqs ansambli oʻzbek raqs sanʼati tarixida katta oʻringa ega. Bu eng yorqin raqs guruhi tashkil qilishning tashabbuskori va ijodkori afsonaviy raqqosa, favqulodda isteʼdod sohibi, atoqli xoreograflardan biri, xalq artisti Mukarrama TURGʻUNBOYEVA boʻldi.

Anjumanda soʻz olgan vazir O.Nazarbekov sanʼat dargʻasining oʻzbek madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasini alohida qayd etdi:

“Oʻzbek milliy raqs sanʼati ustoz Mukarrama Turgʻunboyeva nomi bilan uzviy bogʻliq. Bu ulugʻ sanʼatkor raqs uchun tugʻilgan, hayotini shunga bagʻishlagan, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Eʼtibor bering: Mukarama Turgʻunboyeva tugʻilgan kunining aniq sanasini bilolmay, teatrga ishga kirgan kunlari, yaʼni 16-sentyabrni tugʻilgan kuni deb hisoblashga qaror qilgan. Shuning oʻzi ham koʻp narsani anglatadi.

Biroq, keyinroq tugʻilgan kun uchun bahorning eng muhim pallasi – 31-may kunini tanlagan. Bu ulugʻ sanʼatkorning hayot yoʻli, ijodiy faoliyati haqida konferensiya davomida kengroq xabardor boʻlasiz, degan umiddaman.

Mukarrama Turgʻunboyeva 1957-yilda “Bahor” milliy raqs ansambliga asos solgan. Ushbu ansambl Oʻzbekiston dongʻini butun dunyoga taratdi va jahonning eng zoʻr raqs jamoalari qatoridan joy oldi.

Bastakor Muhammadjon Mirzayev bilan birga yaratilgan “Bahor valsi” raqsi “Bahor” ansamblining oʻziga xos ijodiy ramziga aylandi va oltin meros turkumiga kiruvchi mangu asarlar qatoridan oʻrin oldi.

Qolaversa, Mukarrama Turgʻunboyeva tomonidan yaratilgan “Tanovar”, “Munojot” kabi raqs sanʼati durdonalari XX asrning nodir raqslari turkumiga kirdi.

Yuqorida aytib oʻtganimdek, shunday vaqtlar ham boʻldiki, ansambl faoliyati toʻxtab qoldi. Uzoq davom etgan ijodiy tanaffusdan soʻng Prezidentimizning 2020-yil 4-fevraldagi tegishli qaroriga binoan “Bahor” ansambli qayta tashkil etildi. Bu madaniy hayotimizda ulkan voqea boʻldi.

Ansambl qayta tashkil etilganidan soʻng oʻzining ilk konsert dasturini 2021-yil 14-15-dekabr kunlari xalqimiz eʼtiboriga taqdim qildi. Soʻng Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklari sahnalarida oʻz dasturlarini namoyish etdi. Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli barcha davlat tadbirlarida, konsertlar, musiqiy dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqda”.

Anjumanda soʻzga chiqqan sanʼatshunoslar, Mukarramaxonimning shogirdlari va izdoshlari favqulodda isteʼdod sohibasi boʻlgan sanʼat dargʻasining ibratli ijod yoʻli va merosi yillar oʻtgani sari qadri yuksalib borayotganini alohida taʼkidlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер