“Oʻzavtosanoat” AJ va “Folksvagen grup rus” Oʻzbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish va sotish boʻyicha hamkorlik toʻrisida kelishuv imzoladilar
Yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish “Jizzax” EIZda joriy etiladi
- Zavod ishlab chiqarish quvvati – yiliga 20 000 dona avtomobil
- Loyiha “Oʻzavtosanoat” AJning mahalliy korxonalari bazasida,Volkswagen konserni ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi
“Oʻzavtosanoat” AJ va “Folksvagen Grup Rus” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash marosimi “Oʻzavtosanoat”da boʻlib oʻtdi. Kelishuv predmeti “Jizzax” EIZda “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Zavod Volkswagen konsernining yoʻlovchi va yuk tashishga moʻljallangan bir necha modeldagi yengil tijorat avtomobillarini toʻliq sanoat sikli boʻyicha ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
“Folksvagen Grup Rus” yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etadi, shuningdek xodimlarni oʻqitishni amalga oshiradi. Zavod Volkswagen konsernining ishlab chiqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotuv tizimlari boshqaruvi borasidagi zamonaviy standartlariga muvofiq ish yuritadi. Shuningdek, korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular “Oʻzavtosanoat” AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod oʻrta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini taʼminlash ham kiradi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 000 dona avtomobilga teng boʻladi.
Aholisi soni 34 million kishidan ortiq boʻlgan Oʻzbekiston sanoat ishlab chiqarish, kichik va oʻrta biznesning yana-da rivojlanishi uchun yirik salohiyatga ega. Mamlakatda yengil tijorat avtomobillarining bozori oʻsish uchun istiqbolli segment sanaladi.
“Yengil tijorat avtomobillari segmenti bugungi kunda Oʻzbekiston avtomobil bozoridagi yagona oʻzlashtirilmagan yoʻnalish sanaladi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi mahalliy avtomobil sanoati taraqqiyotida yangi salmoqli qadamni qoʻyish imkonini beradi. Yangi qoʻshma korxona, aholining bandligini oshirish barobarida, Oʻzbekistonda sanoat ishlab chiqarishning yana-da oʻsishiga xizmat qiladi”,- qayd etdi “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi janob Shavkat Umurzoqov.
“Folksvagen Grup Rus” bosh direktori Markus Ozegovich: “Oʻzbekiston avtomobil bozori joʻshqin rivojlanmoqda va barcha segmentlarda katta oʻsish salohiyatiga ega. Ham konsernimiz mahsuloti, ham dilerlik markazlaridagi yuksak xizmat koʻrsatish darajasi oʻzbek isteʼmolchilari tomonidan munosib baholanishiga aminmiz”.
Bitim doirasida tomonlar hamkorlikni 2020-yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlashga kelishib oldilar, u ikkita modifikatsiyada taklif etiladi: 7 oʻrinli yoʻlovchi universali va yuk furgoni. Ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga moʻljallangan. Avtomobil quvvati 110 o.k. va hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilgʻi sarfi 100 km.ga 9,3 l., trassada – 100 km.ga 6,1 l.ga toʻgʻri keladi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida kelajakda Volkswagen Group konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati koʻrib chiqiladi.
Maʼlumot uchun: 2019-yil yakunlariga koʻra, oʻzbek-nemis tovar aylanmasi hajmi 902,3 mln doll.ga yetdi: eksport 47,6 mln. doll. (transport va sayyohlik xizmatlari, qogʻoz, toʻqimachilik buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar), import – 854,7 mln. doll. (farmatsevtik mahsulot, elektr va mexanik jihozlar, transport vositalari, kimyoviy mahsulot va boshq.).
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati
“Oʻzavtosanoat” 1994-yil 17-martda taʼsis etilgan. Hozirda kompaniya 85 ta yirik va oʻrta korxona hamda kompaniyalarni birlashtiradi, ular sirasiga Janubiy Koreya, Turkiya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, AQSH va MDH mamlakatlari kompaniyalari xorijiy kapitali va texnologiyalari ishtirokidagi korxonalar ham kiradi. “Oʻzavtosanoat” AJ ning asosiy ishlab chiqarish kompaniyalari: “UzAvto Motors” OAJ, “Uz Track & Bus Motors” QK MCHJ, “SamaAvto” QK MCHJ . "Oʻzavtosanoat" korxonalari Chevrolet, Ravon, MAN, Isuzu, Kamaz va Sinotruck brendlari ostida yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda mahsulotlar ishlab chiqaradi. Aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yoʻnalishi yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi detallar ishlab chiqarish sanaladi. Xodimlar umumiy soni 27 mingdan ziyod, ularning 5 mingdan ortigʻi dunyodagi yetakchi sanoat kompaniyalarida tahsil olgan.
“Folksvagen Grup Rus”
“FOLKSVAGEN Grup Rus” Volkswagen AG konsernining shoʻba korxonasi boʻlib, Rossiya bozorida konsernning yettita rusumi faoliyatini birlashtirib turadi: Volkswagen — yengil avtomobillar, Audi, ŠKODA, Bentley, Lamborghini, Ducati va Volkswagen Tijorat avtomobillar. 2019-yilda “FOLKSVAGEN Grup Rus”ning Rossiya bozoridagi sotuvlar hajmi 233 600 dona avtomobil boʻlgan. Kompaniya ishlab chiqarish maydonlarida 2019-yilda 214 000 dona avtomobil ishlab chiqarilgan: kompaniyaning Kalugadagi zavodida 150 000 dona, Nijniy Novgoroddagi ishlab chiqarish maydonchasida – 64 000 dona avtomobil chiqarilgan. “FOLKSVAGEN Grup Rus” MCHJning bozordagi ulushi 2019-yil yakunlariga koʻra 12,9 foizga yetgan. Yevropaga va MDH davlatlariga avtomobillar eksporti 24 600 dona avtomobilni tashkil qildi. 2019-yilda Kalugadagi Volkswagen Group Rus zavodida 143 500 dona dvigatel ishlab chiqarilgan, ulardan 24 000 tasi Yevropadagi ishlab chiqarish maydonchalariga eksport qilingan.
“Volkswagen AG” konserni
Bosh qarorgohi Volfsburg (Germaniya)da joylashgan Volkswagen AG dunyoda yetakchi va Yevropadagi eng yirik avtoishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi. 2019-yilda butun dunyodagi xaridorlarga 10 974 600 dona avtomobil taqdim etilgan (2018-yilda – 10 834 000 dona) Konsern tarkibiga yettita Yevropa mamlakatidagi oʻn ikkita brend kiradi: Volkswagen — yengil avtomobillar, Audi, Seat, ŠKODA, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Porsche, Ducati, Volkswagen Tijorat avtomobillar, Scania i MAN. Volkswagen konserni Yevropadagi 20 ta mamlakatda va Shimoliy hamda Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikadagi 11 ta mamlakatda 123 ta zavodga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring