Ozarbayjonda oʻzbek tili va madaniyati markazi ochildi
Joriy yilning 13-sentyabr kuni qadimiy Ganja shahrida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi qoshidagi Nizomiy nomidagi adabiyot instituti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan “Turk dunyosining Ozarbayjon—Oʻzbekiston modeli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda Ozarbayjon oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan talabalar ham ishtirok etdi. Ularga oʻzbek va ozar xalqlari qadim-qadimdan bir-biriga koʻmakdosh boʻlgani, kelajak avlodlar bugungi muvaffaqiyatli hamkorlikni yanada mustahkamlashi zaruriyati haqida alohida yoʻnalishlar berildi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov oʻzbek va ozar xalqlarining ildizlarini mushtarak chinorlarga qiyoslab, azaldan doʻst-birodar boʻlgan xalqlarning bugungi tahlikali zamonda yana qayta topishishi, umumiy maqsadlar yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib olgʻa intilishi nihoyatda muhim ekaniga urgʻu qaratdi. Oʻzbek va ozar xalqlarining farovon hayoti uchun amalga oshirilayotgan islohotlarni odamlarga toʻgʻri yetkazishni istiqboldagi dolzarb vazifa sifatida qayd etdi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Ganja boʻlimida universitetimizning Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazi ochildi. Ushbu markaz nafaqat zamonaviy ilmiy-pedagogik faoliyat markazi, balki Alisher Navoiyning boy adabiy merosini koʻrgazmali tarzda aks ettiruvchi miniatyuralar bilan bezatilgan. Markazga universitetimiz tomonidan 300 ga yaqin oʻzbek tilidagi badiiy, ilmiy asar topshirildi. Markazga tashrif buyuruvchilar oʻzbek xalqining tarixi, madaniyati, hazrat Navoiyning ijodiy merosi bilan tanishishlari mumkin. Bu maskanning asosiy vazifasi ikki xalq olimlarini birlashtirishdan tashqari barcha qiziquvchilarga Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, bugungi kuni, siyosiy va ijtimoiy hayoti haqida maʼlumotlar berish hamdir. Markaz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun unda tashkil etiladigan tadbirlar va amaliy mashgʻulotlarga ozarbayjonlik talabalar va oʻquvchilarni keng miqyosda jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Markazning ochilish marosimida soʻz olgan Nizomiy Ganjaviy markazi direktori Alimuxtor Muxtorov “Oʻzbekiston—Ozarbayjon, bir vujuddagi ikki jon”, deya davlatlarimiz oʻrtasidagi samimiy muloqotlar abadiy boʻlishiga tilak bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring