Oʻz uyingda dasturxon yozib, mehmon kutishning gashti oʻzgacha — Abdulaziz Rasulov

17:39 17 Yanvar 2024 Jamiyat
343 0

Mamlakatimizda onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash, bolalarning maʼnaviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Chunonchi, mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida yetim bolalarga oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga qoʻshimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratilishi belgilanib, shu imtiyozdan foydalangan Abdulaziz Rasulov Toshkent Davlat moliya institutiga talabalikka qabul qilingan edi.

Abdulaziz asli Xatirchi tumanining Zarafshon mahallasida tugʻilgan. Bolaligida ota-onasidan ayrilib, xolasi Mavjuda Poʻlatova qoʻlida voyaga yetdi. Oʻz uy-joyi boʻlishini orzu qilgan bu talaba yigitga davlatimiz tomonidan yana bir gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, yaqinda unga tumanning Navbahor mahallasidagi yangi koʻp qavatli uy xonadonlaridan biri topshirildi.

— Oʻtgan yili davlatimizning gʻamxoʻrligi bilan nufuzli oliy oʻquv yurti talabasi boʻlgan edim, — deydi Abdulaziz Rasulov. — Joriy yilning boshidayoq yana bir kuchli ijtimoiy himoya tufayli oʻz boshpanamga ega boʻlmoqdaman.

Oʻz uyingda, oʻz dasturxoningni yozib mehmon kutishning gashti boʻlakcha baribir. Menga shu baxtni tuhfa etgan Vatanga sadoqatim va fidoyi mehnatim bilan javob beraman.

Shu kuni ota-onasidan erta ajrab, Toshkent shahridagi 22-mehribonlik uyida taʼlim-tarbiya olgan Jahongir Ochilovga ham Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan yangi xonadonning kaliti topshirildi. Tuman hokimligi tomonidan har ikki xonadon ham roʻzgʻor uchun anjomlar bilan toʻliq jihozlab berildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanada bolalarning jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli va maʼnaviy barkamol boʻlib voyaga yetishini taʼminlashda amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar yurtimizda inson qadri ulugʻligining amaliy ifodasi ekani alohida eʼtirof etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?