Otilgan Tramp, ayblanuvchi Imron va Orban siyosati (+video)

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Trampga suiqasd uyushtirilishida Maxfiy xizmatni aybladi
Maxfiy xizmat respublikachi nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirish uchun javobgardir, chunki ular xavfsizlikni nazorat qilish boʻyicha tegishli ishlarni bajara olmagan. Bu fikrlarni Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Larri Jonson aytib oʻtdi.
Unga koʻra, xizmat nafaqat tadbir oʻtkaziladigan joyni, balki butun perimetrni toʻliq tekshirishi kerak edi.
“Bunday vaziyatlarda siz barcha yoʻnalishlardan kamida 500 yard (taxminan 457 metr) masofada potensial oʻq uzishi mumkin boʻlgan odamlarni koʻrishingiz kerak edi”, deydi u sodir boʻlgan uyning tomida agent boʻlishi kerakligini qoʻshimcha qilib.
Manbalarga koʻra, oʻq uzgan shaxs va Tramp oʻrtasida masofa taxminan 130 metr boʻlgan.
Shu oʻrinda Jonson Maxfiy xizmatni qobiliyatsiz yoki suiqasdni rejalashtirishda ishtirok etgan, degan xulosaga keldi.
Avval xabar berganimizdek, kecha AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirildi. Hodisa u Pensilvaniyada oʻz tarafdorlari bilan uchrashuv vaqtida yuz berdi. Tramp qulogʻidan yaralandi va xavfsizlik xizmati xodimlari qurshovida voqea joyini tark etdi. Maxfiy xizmat oʻq uzgan odamni oʻldirgan. Hodisa oqibatida saylovoldi miting ishtirokchilaridan biri halok boʻlgan, yana ikki nafari ogʻir yaralangan. Trampni oʻldirmoqchi boʻlgan shaxs Pensilvaniya shtatida yashagan 20 yoshli Tomas Metyu Kruks boʻlib chiqdi.
Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xonga yangi ayblovlar eʼlon qilindi
Pokiston sudi sobiq bosh vazir Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini “Toshaxona davlat gʻaznachiligidan sovgʻalar olishda vakolatlarini suiisteʼmol qilish” bilan bogʻliq yangi ayblovlar bilan 22-iyulga qadar qamoqqa oldi. Bu haqda “Geo” telekanali xabar berdi.
Pokistonning korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Milliy javobgarlik byurosi yangi ayblovni shanba kuni Islomobod sudi Xon va uning rafiqasi apellyatsiyasini qondirib, noqonuniy nikoh ishi boʻyicha hukmni bekor qilganidan bir kun oʻtmasdan qoʻzgʻatdi.
“Hisobdorlik sudi Milliy javobgarlik byurosiga ikki gumonlanuvchini “Adiala” qamoqxonasida soʻroq qilishni topshirdi, shuningdek, er-xotinni 22-iyul kuni sudga kelishni buyurdi”, — deyiladi telekanal xabarida.
Oʻz navbatida, sobiq bosh vazir va uning rafiqasining advokati bu hibsga olish noqonuniy ekanini aytib, ularning garov evaziga ozodlikka chiqarish haqidagi ariza Oliy sudda koʻrib chiqilayotganini qoʻshimcha qildi.
2018 — 2022-yillar Pokiston hukumatini boshqargan Imron Xon 2022-yilning 10-aprelida oʻziga qarshi oʻtkazilgan ishonchsizlik votumi natijasida lavozimidan chetlashtirilgan edi.
2023-yil avgust oyida Xon “Toshaxona” davlat xazinasidagi qimmatbaho buyumlarni sotish bilan bogʻliq firibgarlik ishi boʻyicha hibsga olingan. Keyinchalik unga bir qator ayblovlar, xususan, maxfiy telegramma tarqatish bilan bogʻliq davlatga xiyonat va boshqa bir qator ayblovlar qoʻyildi. Xonga qoʻyilgan ayblovlarni koʻrib chiqish chogʻida aksariyati olib tashlangan, biroq sobiq bosh vazir noqonuniy nikoh ishi boʻyicha hibsda qolayotgan edi.
Avvalroq, BMTning oʻzboshimchalik bilan hibsga olish boʻyicha ishchi guruhi qamoqdagi Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xonni zudlik bilan ozod qilishni talab qilib, unga nisbatan qoʻzgʻatilgan kamida ikkita ish “siyosiy motivlar” ekanini va uni siyosiy hayotdan chetlashtirishga qaratilganini aytgandi.
Oʻz navbatida, Pokiston Adliya vaziri Aʼzam Nazir Tarar sobiq bosh vazir Imron Xonga qarshi sud jarayonlarini Pokistonning ichki ishi deb atadi.
Viktor Orban Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlariga Ukrainadagi mojaroni hal qilish boʻyicha oʻz rejasini yetkazdi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning Ukrainadagi mojaroni hal qilish boʻyicha tinchlik rejasi Yevropa Ittifoqi barcha davlatlari yetakchilarining stolida turibdi.
Bu haqda hukumat rahbarining siyosiy direktori Balaj Orban “Magyar Nemzet” gazetasiga bergan intervyusida aytib oʻtdi. “Vaziyatni real baholash, real maqsadlar va mos vaqt jadvali — mana bizning yondashuvimiz nimaga asoslanadi”, deya qoʻshimcha qilgan siyosatchi.
Rasmiyning soʻzlariga koʻra, Vengriyaning rolini ortiqcha baholamaslik lozim, ammo Orban ikki hafta ichida “dunyoning aksariyat davlatlari yillar davomida kutgan” bir nechta uchrashuvlarni oʻtkazishga muvaffaq boʻlganini eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak.
Balaj Orbanning soʻzlariga koʻra, Budapesht Yevropa Ittifoqiga raisligining butun davrini “tinchlik muzokaralari uchun shart-sharoit yaratish uchun sarflaydi va siyosiy tashabbuslarni” koʻrib chiqadi.
“Vengriya Bosh vaziri Yevropa Ittifoqi rahbarlariga oʻzining tashriflari haqida batafsil maʼlumot berdi. Bu safarlar juda muhim edi, chunki ayni damda mamlakatimiz urushayotgan tomonlar va eng muhim vositachi oʻyinchilar qanday fikrda ekani, turli manfaatlar oʻrtasida qanday manevr qilish mumkinligi haqida yangi va aniq maʼlumotlarga ega boʻlgan yagona davlatdir”, deydi siyosatchi.
Uning soʻzlariga koʻra, agar Yevropa tinchlikka jiddiy yondashsa, u “hech boʻlmaganda amalga oshirish imkoniyati minimal” boʻlgan rejani yaratishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring