Oʻtganlarni yod etish — muqaddas qadriyat

13:59 09 May 2021 Jamiyat
1054 0

Afsuski, 2021-yilda ham xalqimiz suygan insonlaridan ayrildi.  

Bugun Xotira va qadrlash kunida oʻtgan oylarda vafot etgan taniqli sanʼatkorlar, shoir, yozuvchilar, sportchi va jamoat namoyandalarini yana bir bor yodga olamiz.

Gulchehra Nurullayeva

2021-yilning 15-yanvar kuni shoira Gulchehra Nurullayeva 83 yoshida olamdan oʻtdi. 

Gulchehra Nurullayeva 1938-yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlogʻida tugʻilgan. 

Gulchehra Nurullayevaning “Orzularim qoqadi qanot” (1969), “Tashnaman” (1972), “Ikkinchi bahor” (1973), “Lirika” (1975), “Bagʻishlov” (1977), “Paxta hidi” (1981), “Nurli nuqtalar” (1986), «Muhabbatning suvrati» (1988) kitoblari chop etilgan.

Maʼlumot uchun, 2018-yilning 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodkor – Gulchehra Nurullayevaga aʼzolik guvohnomasi topshirilgan edi.

Rahmatjon Qurbonov

17-yanvar kuni Oʻzbek mumtoz qoʻshiqchiligining yirik vakili, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Rahmatjon Qurbonov vafot etdi.

1959-yilda Xiva shahrida tavallud topgan sohir ovoz sohibi Rahmatjon Qurbonov oʻz ijodiy faoliyati davomida sanʼat ixlosmandlari qalbini zabt etishi barobarida, oʻzbek milliy-mumtoz qoʻshiqchilik sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Rahmatjon Qurbonov “Lazgi” ansambliga rahbarlik qilgan yillarida Xorazm mumtoz qoʻshiqlari va raqslari yurtimiz hamda dunyo uzra yana-da kengroq tarannum etgan.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga oʻz hamdardligini bildirdi.

“Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist, «Lazgi” ansambli va Xorazm sanʼatining ustunlaridan biri, ustoz sanʼatkor Rahmatjon Qurbonovning vafoti qalblarimizni larzaga soldi.

U sanʼat sohasidagi koʻp yillik serqirra ijodiy faoliyati bilan el-yurt nazariga tushgan, respublikamizda taniqli, xalqimiz suygan xonanda edi.

Ustoz asl sanʼat durdonalaridan “Chorgoh”, “Talqini Rost”, «Katta suvora», «Chapandozi suvora», «Bozirgoniy», “Qaro koʻzim”, «Nasrulloyi», “Maxsus”, “Feruz-1”, “Feruz-II”, «Orazibon» kabi koʻplab maqom hamda mumtoz ashulalarni oʻzgacha mehr va ixlos, yuksak mahorat bilan meʼyoriga yetkazib yuqori saviyada ijro qilgan edi.

Rahmatjon Qurbonov ijodiy faoliyati davomida qardosh qoraqalpoq, ozarbayjon, turkman, turk, tojik xalq qoʻshiqlarini ham zoʻr ishtiyoq bilan kuyladi va koʻpchilikning mehrini qozondi.

Ustoz sanʼatkor oʻz ijodi bilan nafaqat sanʼatimiz rivojiga, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash ishiga ham hissa qoʻshdi. Mehnatlari munosib baholanib, davlatimizning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan ham taqdirlandi.

Goʻzal Ismatova

22-fevral kuni boks boʻyicha Osiyo chempioni Goʻzal Ismatova 25 yoshida vafot etdi. 

Koʻp karra Oʻzbekiston chempioni boʻlgan Goʻzal Ismatova 1996-yil 3-yanvarda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tugʻilgan. Ogʻir vazn (+81 kg) toifasida ringga chiqqan sportchi 2014-2017-yillarda mamlakat birinchiligida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi.

Gulchehra Vohidova

1-mart kuni Erkin Vohidovning turmush oʻrtogʻi Gulchehra Vohidova vafot etdi.

Bahrom Yaqubov

Shu yilning 11-mart kuni oʻzbekistonlik taniqli rejissyor Bahrom Yaqubov hayotdan koʻz yumdi. 

Bahrom Yaqubov 1961-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik fakultetini tugatgan. Uzoq yillar «Oʻzbekfilm» va «Oʻzbektelefilm» studiyalarida rejissyor yordamchisi boʻlib ishlagan. Rejissyor sifatida dastlabki ishi “Yosh yozuvchining kundaligi” qisqa metrajli badiiy filmi boʻlib, u 1989-yilda suratga olingan. Keyin koʻp yillar davomida hujjatli filmlarni suratga oldi. U katta kinoteatrlarga 2003-yilda “Sarvinoz” toʻliq metrajli filmi bilan kirib kelgan.

Shuningdek, “Baxt uchun million”, “Yondiradi, kuydiradi”, “Fotima va Zuhra”, «Sugʻdiyona», “Jodugar”, “Majruh”, “Ichkuyov”, «Superkelinchak», “O, Maryam, Maryam” kabi koʻplab filmlarni suratga olgan.

Hozirga qadar Bahrom Yoqubov 10 dan ortiq badiiy va bir qator hujjatli filmlarni suratga olgan.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev 

22-mart kuni Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Xudoyberdi Toʻxtaboyev 89 yoshida vafot etdi.

Adibning «Omonboy va Davronboy», “Sariq devni minib”, “Yillar va yoʻllar”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida”, “Jannati odamlar” kabi kitoblari juda mashhur.

Mirza Azizov

Milliy teatr va kino sanʼatimizning taniqli namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Mirza Azizov ogʻir kasallikdan soʻng shu yil 15-aprel kuni 58 yoshida vafot etdi.

Mirza Azizov 1963-yili Namangan viloyatining Chust shahrida tugʻilgan. 1987-yili Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti)ni musiqali drama aktyori ixtisosligi boʻyicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1989-yilda Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqiy teatrida vokal artisti sifatida boshlab, 1992-1997-yillar davomida Oʻzbek davlat drama teatrida ham samarali ijod qildi.

Mirza Azizov koʻp yillik serqirra ijodiy faoliyati mobaynida noyob isteʼdodi va yuksak mahorati bilan teatr sahnasi va kino sanʼatida tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan oʻnlab yorqin obrazlar yaratdi.

Isteʼdodli aktyor “Yusuf va Zulayho”, “Farhod va Shirin”, “Nodirabegim”, “Alpomishning qaytishi”, “Toptalgan tuygʻu” kabi mashhur spektakllarda, “Koʻngil koʻchalari”, “Ostona”, “Imom Buxoriy”, “Muhabbat sinovlari”, “Tubanlik”, “Muruvvat”, “Gumrohlar”, “Novda” kabi koʻplab kinofilmlarda betakror xarakter va dunyoqarashga ega boʻlgan turli shaxslar siymosini mohirona talqin etib, minglab sanʼat muxlislari va keng jamoatchilikning hurmat-eʼtiborini qozondi.

Oʻz faoliyatining maʼno-mazmunini xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda, deb bilgan sanʼat fidoyisi mamlakatimizda oʻtkazib kelinayotgan barcha ommaviy-madaniy tadbirlarning faol ishtirokchisi edi.

U 2016-yildan boshlab Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqiy teatri direktori lavozimida samarali mehnat qilib, 80 yillik shonli tarixga ega ushbu sanʼat dargohining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, repertuar tarkibini zamonaviy va tarixiy asarlar bilan boyitishga, iqtidorli aktyorlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdi.

Katta ijod va hayot tajribasiga ega boʻlgan M.Azizov xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy hayotimizni turli tahdid va xurujlardan himoya qilish yoʻlida chinakam fidoyilik namunasini koʻrsatdi.

Mirza Azizovning oʻzbek teatr va kino sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari bilan mukofotlangan edi.

Taniqli sanʼatkor, samimiy va kamtarin inson Mirza Azizovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Xonzodabegim Jamolova

2021-yilning 16-aprel kuni isteʼdodli yosh shoira, xalqaro toifadagi sport hakami, “Respublika lider qizlar” harakat rahbari, Oʻzbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universitetining 3-bosqich talabasi Xonzodabegim Jamolova 22 yoshida vafot etdi.

Xonzodabegim Jamolova 1999-yilning 27-mart kuni Bekobod tumanida tugʻilgan.

Xonzodabegim Jamolova sportdagi qisqa faoliyati davomida qator yutuqlarga erishgan. U Karate boʻyicha qora belbogʻ sohibasi, jit kun do boʻyicha xalqaro turnirlar gʻolibi sanaladi, xalqaro toifadagi hakam hamda xalqaro sport loyihalari tarjimoni sifatida ham faoliyat olib borgan.

Xonzodabegim Jamolova tashabbusi bilan 2019-yili Oʻzbekistonda ilk bor Xalqaro sport sammiti (International sport summit Tashkent-2019), Oʻzbekiston xotin-qizlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yili “Respublika lider qizlar festivali” oʻtkazildi.

U rus, ingliz, arab, turk, koreys tillarida erkin soʻzlasha olgan.

Hasan Normurodov

Samarqand viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Norbekovich Normurodov 23-aprel kuni 82 yoshida vafot etdi.

U kishi uzoq yillar davomida xalq taʼlimi tizimida ishlagan, keyinchalik “Nuroniy” jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi sifatida vatanimiz taraqqiyoti, yoshlar tarbiyasi hamda mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan fidoyi inson edi.

Hasan Normurodov oʻzining samimiyligi bilan nafaqat viloyat, balki Respublikamizda jonkuyar mehnat faxriysi sifatida katta hurmat, eʼtibor qozongan.

U 2019-yilda Prezidentimiz farmoniga koʻra “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Rustam Qosimov

Mamlakatimiz davlat va jamiyat boshqaruvi sohasi ogʻir judolikka uchradi. Koʻzga koʻringan davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Sobirovich Qosimov ogʻir kasallikdan soʻng shu yil 7-may kuni 65 yoshida vafot etdi.

Butun ongli hayotini el-yurtga beminnat xizmat qilishga bagʻishlagan fidoyi rahbar mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Ushbu davrda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Davlat maslahatchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimlarida qizgʻin faoliyat olib bordi.

R.S.Qosimov salkam 50 yillik mehnat faoliyati davomida qaysi lavozimda ishlamasin, doimo xalqimiz va Vatanimiz manfaatini koʻzlab, fidokorona mehnat qildi. Mamlakatimiz jamoatchiligi uning ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohasidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirish borasidagi xizmatlarini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

R.S.Qosimov davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning yetuk farzandi, taniqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Rustam Sobirovich Qosimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер