“Otangiz qahramon edi, professor”

13:22 08 May 2025 Jamiyat
171 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ota urushga joʻnab ketar chogʻi tugʻilganiga hali ikki oy ham toʻlmagan chaqalogʻini bagʻriga bosdi. Uning jajji peshanasiga lablarini bosar ekan, beixtiyor koʻnglidan “Bolajonim, seni yana koʻrish nasib etarmikan?”, degan ogʻriqli oʻylar kechdi. Hali oʻn gulidan biri ochilmagan yigirma yoshli jufti halolini zor-zor yigʻlatib ketdi.

Oradan yillar oʻtdi. Bola oʻsib–ulgʻaydi. Maktabni bitirgach Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida tahsil oldi. Dorilfununning akademik Vohid Abdullayev, Botirxon Valixoʻjayev singari donishmandlari nazariga tushdi. Alisher Navoiy ijodini chuqur tadqiq etgan zabardast olimga aylandi. Gap Buxoro davlat pedagogika instituti ( hozirgi BuxDU) da uzoq yillar ishlagan filologiya fanlari doktori, professor Rahim Vohidov haqida bormoqda.

— 27 yoshida Ikkinchi jahon urushiga yoʻl olib, ortga qaytmagan otamning daragini topish men uchun bir umrlik armon edi, — degandi u bir suhbatida. — Oʻshanda turli idora, tashkilotlarga qilgan murojaatlarim natija bermadi. Nihoyat, Toshkentda istiqomat qiluvchi keksa jurnalist Majid Samadov mushkulimni oson qildi. Uning saʼy-harakati bilan otam Vohid Joʻrayevga daxldor maʼlumotlar topildi.

Oʻshanda 1988-yil edi. Rahim aka safar taraddudini koʻrdi. Joʻnash oldidan fotiha olmoq niyatida toʻqson yoshdan oshgan ammasi huzuriga bordi. Maqsadini bayon etdi. Shunda tabarruk yoshdagi onaxon “Vohid oʻlgan ekanmi?” deya uvvos soldi.

Buni qarangki, oradan 46-yil oʻtganiga qaramay, u oʻz jigargoʻshasini tirik deb bilgan. Uning Volga boʻyidagi janglarda mardlarcha halok boʻlganini xayoliga ham keltirmagan...

Shundan soʻng Rahim aka Tver (Rossiya Federatsiyasi) shahri orqali Molodoy Tud tumani Suxanovo qishlogʻiga yoʻl oldi. Urush yillarida qishloq faoli boʻlgan bir keksa ayol koʻmagida askarlar xoki qoʻyilgan qabristonni aniqladi. Katta harsang toshda diviziya va unga tegishli polklarning raqamlari bitilgandi. Bir parcha yerda minglab askarlarning xoki poyini koʻrish mumkin edi. Oʻshanda bu shafqatsiz dunyoning koʻrgiliklaridan iztirobga tushib, koʻngli vayron boʻlib turgan Rahim akaga suxanovoliklar hamdardlik bildirishdi. Ulardan biri esa ishonch bilan “Otangiz qahramon edi, professor” dedi.

Rahim aka birodarlik qabristonidan bir siqim tuproq olib, Oʻzbekistonga qaytdi. Bu tuproq hozir Jondor tumani Lolo mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi “Qalʼai Mallabek” qabristonidagi ramziy qabrga qoʻyilgan. Bu qabr yigirma yoshida jufti halolini urushga kuzatib, uni kuta-kuta bu yorugʻ dunyoni tark etgan Ruzvan ayaning sagʻanasi bilan yonma-yon turibdi.

Umrni oʻtkinchi, deyishganicha bor. Bugun oqil farzandlarning padari buzrukvori, zukko shogirdlarning ustozi sanalgan Rahim Vohidov ham oramizda yoʻq. Ammo xotira tirik. U barchamizni shu tinch va osoyishta hayotimizni asrab-avaylashga, dorilamon kunlarning qadriga yetishga daʼvat etib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?