Otamni yigʻlatgan xushxabar

Vatanimiz mustaqillikka erishgan kun — qutlugʻ ayyom tobora yaqinlashmoqda. Yurtimiz tarixida va xalqimiz taqdirida muhim burilish yasagan mazkur sanaga 34 yil toʻlmoqda. Albatta, inson hayoti uchun bu yillar hisobi ancha uzoq boʻlib tuyulishi mumkin, ammo tarix uchun bu nihoyatda qisqa. Shu maʼnoda aytsak, 34 yil bitta davlat rivoji va taraqqiyoti uchun ham juda qisqa davr hisoblanadi. Lekin mamlakatimiz ana shu yillar ichida juda ulkan marralarni zabt etdi, desak, mubolagʻa emas.
Ayniqsa, soʻnggi 7-8 yil ichida jamiyatimizning barcha jabhasida boshlangan tub islohotlar tufayli Oʻzbekiston dunyo davlatlari sahnida oʻzining munosib oʻrniga, obroʻsiga, eʼtirofiga ega boʻldi.
Oʻta tezkorlik bilan rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz, sanoatimiz, agrar soha, eksport salohiyatimiz juda koʻp mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar eʼtiborini oʻziga tortmoqda. Bugungi kunda koʻplab davlatlar, jahon miqyosidagi nufuzli tashkilotlar Oʻzbekiston bilan hamkorlikka intilyapti. Ayniqsa, fan, taʼlim, ilm, innovatsiya sohalaridagi islohotlarimiz oʻnlab mamlakatlar uchun namuna boʻlayotir. Yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati tufayli davlatlararo hamjihatlik, doʻstona munosabatlarni shakllantirish borasida ham dunyo boʻyicha yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqdamiz. Bunday ulkan yutuqlarga koʻplab misollar keltirish mumkin. Binobarin, erishgan yutuqlarimiz bilan qancha maqtansak, qancha magʻrurlansak arziydi. Bu tuygʻuni, ayniqsa, mustaqilligimizning ilk yillariga guvoh boʻlgan va oʻsha zamondagi ahvolni bugungi farovon hayot bilan taqqoslash imkoniyatiga ega har bir vatandoshimiz ich-ichidan, yuragidan his qiladi.
Zero, Istiqlol quyoshi taratgan baxt-u saodat, avvalo, yurtdoshlarimiz hayoti, taqdirida oʻzining nurafshon nurlari bilan aks etadi. Xususan, kamina ham “Men uchun Vatan mustaqilligi nima, bu voqelik mening qalbimda qanday xotiralarni uygʻotadi?” degan savolga qalbim shukuhga toʻlib javob beraman va uni uchta voqea bilan ifodalayman.
Esimda, davlatimiz mustaqilligi dadam karavotga mixlanib, ogʻir xastalikka chalingan, oilamiz uchun qiyin kunlarning birida eʼlon qilingandi. Oʻshanda ota uyimga kelganimda, dadam xona toʻrida oq choyshabga oʻralib horgʻin yotar, ammo kayfiyati aʼlo edi. Odatda, ogʻir dardga chalingan bemorning yuzidagi bunday shodonlikni har doim ham koʻravermaysiz. Dadamning xursandligi sababini esa “Xushxabarni eshitdingmi, qizim? Oʻzbekiston mustaqil boʻlibdi. Xudoyimga shukr, shu kunlarni koʻrdik” degan soʻzlaridan soʻng angladim. Padari buzrukvorimning ogʻir xastalikdan kirtaygan koʻzlarida yosh qalqdi...
Hayratlanarlisi, urush yillarida 15 yoshida poʻlat quyish sexlarida eng ogʻir ishlarni bajarganda, urushdan keyingi ocharchilik, qahatchilik kunlarini boshidan kechirganida, toʻqqiz bolani ulgʻaytirish uchun yarim joni bilan bir umr zavodlarda eng qiyin ishlarni ado etganda yigʻlamagan otam, shu kuni, yaʼni Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan kun yigʻlardi...
Ikkinchi voqeani kim hikoya qilib bergani yodimda yoʻq, lekin tafsiloti esimda. “Bir kuni bozorga chiqqan edim, — deb gap boshladi oʻshanda suhbatdoshim. — U paytlarda bozorlar hamda boshqa jamoat joylaridagi simyogʻochlarga, ustunlar va binolar peshtoqiga oʻrnatilgan radiokarnaylardan qoʻshiqlar yangrab turardi. Nogahon forsiy tilda shu qadar mungli, shu qadar taʼsirli, yuraklarni larzaga soladigan, juda taʼsirli qoʻshiqni eshitib qoldim. Turgan joyimdan qimirlamay, ajoyib taronani oxirigacha tingladim. Soʻzlarini tushunmasam-da, qoʻshiq ijrosi va ohangidan taʼsirlanib, oʻz-oʻzidan koʻzimda yosh paydo boʻldi. Qoʻshiq tugagandan soʻng qarasam, atrofim odamlar bilan toʻlgan, ularning ham koʻzlari yoshlangan ekan. Kimdandir “Bu kimning qoʻshigʻi, uni kim aytgan?” deb soʻradim. “Ahmad Zoir, Vatan haqida qoʻshiq” — dedi u”.
Yuqoridagi hikoyani tinglagach ana shu qoʻshiqni topib eshitdim. Mening ham yuragim hapriqib, beixtiyor koʻzlarimdan yosh quyila boshladi. Ancha vaqtgacha shu qoʻshiq taʼsirida yurdim. Keyinchalik meni bir savol qiynay boshladi: Vatanimiz haqida nega shunday qoʻshiqlar yoʻq, nega biz jonajon Oʻzbekistonimiz haqida aytilgan qoʻshiqlarni sel boʻlib, yurakdan, koʻzimizda yosh bilan tinglamaymiz... Oradan koʻp yillar oʻtib, Mustaqillik ayyomi munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tantanasida nihoyat men ana shunday qoʻshiqni eshitdim. Bu “Ulugʻimsan, Vatanim” qoʻshigʻi edi. “Sen shoxlari osmonlarga tegib turgan chinorim, Ota desam, qizim, deya bosh egib turgan Vatan...”
Ana shunday yuraklarda yurtga boʻlgan mehr-muhabbatimizni yanada joʻsh urdiradigan ushbu mashhur taronani har eshitganimda beixtiyor koʻzlarimga yosh keladi. Va bu faxr-iftixor, shukronalik yoshlaridir.
Uchinchi aytadiganim shuki, mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizdagi ulkan ishlab chiqarish korxonalarining taqdiri haqida “Endi bu korxonalar toʻxtab qoladi. Ularni ishlatishga mahalliy mutaxassislarning uquvi yetmaydi” degan “bashorat”larni ham koʻp eshitgan edik. Ammo aslo unday boʻlmadi. Xususan, bunga Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining bir zum ham toʻxtamay faoliyat yuritib kelayotganini misol sifatida keltirish mumkin. Eng quvonarlisi, ana shu “uquvsiz” deb baholangan mutaxassislar hamda ularning farzandlari bugungi kunda sohaning noyob, malakali energetiklari sifatida xorijda xizmat safarlarida boʻlib, xuddi shunday korxonalardagi chet ellik kasbdoshlariga ham saboq berayotir.
Bular mening Vatan mustaqilligi bilan bogʻliq aziz xotiralarim, tuygʻularim, shukronalik ifodasi. Aslida ham, shu aziz Vatan farzandi boʻlgan, uning taraqqiyoti uchun bor bilimini, kuch-quvvatini, kerak boʻlsa, hayotini ayamaydigan har bir vatandoshimiz shunday ezgu tuygʻularni ich-ichidan, yuragidan his qiladi, albatta.
Vatanimiz mustaqilligi barchamizga muborak boʻlsin, azizlar! Istiqlolimiz abadiy boʻlsin!
Pokiza AHMEDJONOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring