Orziqib kutilgan maktab
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Qoʻshrabot tumanining Yuqori Joʻsh va Oqchobsoy mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida Samarqand viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan qurilgan 2 ta maktab, 2 ta koʻprik foydalanishga topshirildi.
Xoʻsh, nega bu hududlarda yangi maktab qurildi? Sababi, bu maktablarning biri Qoʻshrabot tumani markazidan 40 kilometr, ikkinchisi 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ikkisida ham bir xil muammo binolar – eski, oʻquvchilar soni meʼyordan koʻp. Joy yetishmasligi, yaqin oʻrtada boshqa maktab yoʻqligi uchun darslar ikki navbatda, hatto koridor va sport zalida ham oʻtilardi.
Oqchobsoy mahallasidagi 51-umumtaʼlim maktabining eski binosi 1970-yilda hashar yoʻli bilan xom gʻishtdan qurilgan. Bugungi kunda foydalanishga butunlay yaroqsiz holatda edi. 2007-yilda investitsiya dasturi asosida qurib berilgan 140 oʻrinli bino 360 nafar oʻquvchini sigʻdira olmagan. Darslarning asosiy qismi avariya holatidagi binoda oʻtib kelingan. Yuqoridagilarni inobatga olib, viloyat prokuraturasi hisobidan ajratilgan 2,4 milliard soʻm mablagʻ evaziga maktabga 220 oʻrinli qoʻshimcha bino qurib berildi. Shuningdek, muassasaning 2007-yilda qurilgan binosi toʻliq taʼmirlandi. Mini futbol maydonchasi va oʻquvchilarning maktab hududiga xavfsiz kirib-chiqishi uchun soy ustida koʻprik qurildi.
Yangi maktabning ochilish marosimi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tadbirda viloyat va tuman hokimligi, prokuratura, oʻqituvchi va oʻquvchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Soʻz olganlar yigʻilganlarni yangi maktab bilan tabrikladi.
— Bu maktabda yaqin 15-16 kilometr atrofdagi qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholining farzandlari oʻqiydi, — deydi tuman hokimi Dilshod Shakarboyev. — Ular qir oshib, piyoda ikki soatcha yoʻl bosib ilm olgani keladi. Ular bu kunlarni sabrsizlik bilan kutdi. Yangi maktab oʻquvchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Aynan, shu yoshlar orasidan yurtimizni dunyoga tanitadigan olim va sportchilar chiqishiga ishonaman.
Tumanning yana bir olis mahallasi – Yuqori Joʻshdagi 45-maktab 1980-yilda hashar yoʻli bilan qurilgan bino yaroqsiz holatga kelib qolgandi. Bu maktabda ham 2017-yilda investitsiya dasturi asosida 140 oʻrinli qoʻshimcha bino qurib berilgan. Ammo oʻquvchilarning soni 270 nafardan ortiq.
Viloyat prokuraturasi tomonidan ajratilgan 2,1 milliard soʻm mablagʻ evaziga maktabda yana 180 oʻrinli bino qad rostladi. Bu yerda ham maktabga kirib-chiqish yoʻlini toʻsgan soy ustida 17 metrlik koʻprik, bolalarning sport bilan shugʻullanishi uchun mini futbol maydonchasi qurildi.
— Viloyat prokuraturasidan odamlar kelib, yangi maktab quramiz, deyishganida ishonmagandik, — deydi 45-maktab direktori Rahmiddin Boliqulov. — Ammo ishlar juda jadal boshlanib ketdi. Besh oy deganda yangi binomiz qurib bitkazildi. Bu yerda 7 ta mahalladan yoshlar kelib oʻqiydi. Endi sharoitimiz shahar maktablarinikidan qolishmaydi.
Yangi taʼlim maskanlari ushbu mahallalar ahli, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi. Mazkur obyektlarni hech shubhasiz davlatimiz rahbarining taʼlimga qaratayotgan eʼtiborining amaldagi isboti deyish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring